Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2018 19:01 Chop etish versiyasi

Mustaqillik... har tong qarshi olinadi

Mustaqillik... har tong qarshi olinadi Poytaxtimizning so‘lim go‘shalaridan biri bo‘lgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Toshkent markaziy eko bog‘ida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik adabiyotga qiziquvchi, faol yoshlar bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazdi.

Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamkorligidagi o‘tkazilgan “Kitobga muhabbat” nomli ijodiy uchrashuvda adib adabiyot, uning inson ruhiyatiga ta’siri, san’at turlari bilan o‘zaro bog‘liqligi borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

– Oddiy bir g‘o‘la agar ustasi qo‘liga tushsa, go‘zal bir san’at asariga aylanadi. Ikkinchi bir duradgor esa undan bolta sopidan boshqa narsa yasay olmaydi, u ham kerakli narsa, albatta. Adabiyot va san’at ham xuddi shunday narsa. Adabiyot chamani, san’at gulshani keng va unda har xil gullar bilan birga chirmovuqlar, tikanaklar ham bor. Hamma ta’biga qarab tanlayveradi, albatta.

Shuningdek, yozuvchi yaqinlashib kelayotgan mustaqillik bayrami, uning hayotimizdagi o‘rni borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

– Bugun ko‘pgina yoshlarimiz mustaqillikning asl mazmunini his etishmaydi. Mustaqillik bu bir kun o‘ynab, xursand bo‘lib o‘tkazadigan kun emas. Bu kunlar bizni jinday ortga nazar solishga undashi va o‘tmishda qolgan azobli kunlarni eslatishi kerak. Shunda biz, bu kunning qadriga yetamiz. Hozir – dasturxon to‘kin. Lekin aholisi bir qultum suvga, bir tishlam nonga zor bo‘lgan mamlakatlar ozmunchami?! Har bir narsaning shukronasini aytish shart. Mustaqillik osmondan tushgani yo‘q. Buning to‘lovini ajdodlarimiz qoni bilan to‘laganini qanday unutib bo‘ladi. Tarixni qo‘yaturing hali. Erkinlik, istiqlol deb fido bo‘lganlar haqqi-hurmati bu kunni har birimiz qalbimizda uni har tong qarshi olib yashamog‘imiz darkor. Shunda Vatan nima, vatanparvar qanday bo‘ladi buni his qilishni o‘rganamiz. Ayni kunlarda ham bizning hayotimizdek tinch, osudalikni orzu qilib yurgan qancha mamlakatlar va millionlab odamlar bor. Siz, yoshlar ana shularni bilishingiz va tengdoshlaringizga tushuntirishingiz lozim.

Uchrashuvda yoshlarning adabiyotning eng sara, durdona asarlarini o‘qish, ulardagi muallifning so‘zga bo‘lgan nuktadonligini his etish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak kabi savollariga adib tomonidan batafsil javob berildi.

Inobat Ahatova, Temur Mamadaminov (surat) O‘zA
2 478