O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

05.09.2018 18:41 Chop etish versiyasi

Mustaqillik darsida hokim ishtirok etdi

Mustaqillik darsida hokim ishtirok etdi Samarqand viloyatidagi taʼlim muassasalarida ham yangi – 2018/2019 oʻquv yili “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostidagi “Mustaqillik darslari” bilan boshlandi.

Yangi oʻquv yilining boshlanishi va “Mustaqillik darslari”da viloyatdagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, ziyolilar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov Samarqand shahridagi 37-umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan tadbirlarda ishtirok etib, oʻqituvchi va oʻquvchilarni yangi oʻquv yili bilan tabrikladi.

Yangi oʻquv yilida viloyatdagi 1 ming 200 umumtaʼlim maktabida 683 ming nafar oʻquvchi taʼlim-tarbiya oladi. Jumladan, 78 ming nafar bola ilk bor maktab ostonasiga qadam qoʻydi. Ularga oʻquv qurollaridan iborat Prezident sovgʻasi topshirildi.

Joriy yilgi investitsiya dasturi hamda “Obod qishloq“ va “Obod mahalla“ dasturlari asosida viloyatdagi 98 maktabda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Maktablarga 226 nomdagi jami 3 million 297 ming dona darsliklar yetkazib berildi.

Yangi oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 10-sinfida oʻqishni davom ettiradigan 56 ming 250 nafar, 11-sinfida oʻqiydigan 30 ming 203 nafar oʻquvchiga kasb-hunar oʻrgatish maqsadida oʻquv-ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan.

Viloyat hokimi yurtimizda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning samaralari haqida gapirib, oʻquvchilarga oʻqishda muvaffaqiyat tiladi. Yuqori kayfiyatda yangi oʻquv yilini boshlayotgan oʻqituvchi va murabbiylarning sharafli, ayni chogʻda yuksak masʼuliyatli ishini eʼtirof etib, ularga minnatdorlik bildirdi.

Gʻolib Hasanov, Alisher Isroilov (surat) OʻzA