Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

18.08.2017 12:18 Chop etish versiyasi

Mustaqilligimizning huquqiy asosi yoki konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi o‘n muhim qadam

Xalqimiz uchun qadrli va ulug‘ bayram bo‘lgan mustaqillik ayyomi yaqinlashmoqda. Ota-bobolarimizning hur va erkin, farovon, tenglar ichra teng yashashga bo‘lgan orzusi, huquqi bundan 26-yil muqaddam ro‘yobga chiqqan kunni haqiqatan ham qancha bayram qilsak arziydi.

Mustaqillik haqida so‘z ketsa, albatta, unga erishish yo‘lidagi murakkabliklar va uni mustahkamlash jarayonlari ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi.

Mustaqillik shunday ulug‘vor, ayni damda nozik tushunchaki, uni e’lon qilishning o‘zi kifoya emas. Qachonki, davlatning huquqiy asosi mustahkam bo‘lsa, boshqalar u bilan shunday asoslarga tayanib munosabat o‘rnatsagina chinakam suveren davlat sifatida o‘z o‘rnini egallaydi va taraqqiy etadi. Shu ma’noda O‘zbekistonning dunyo xaritasida mustaqil davlat sifatida paydo bo‘lishi va mustahkamlanishida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘rni va roli beqiyos.

Odatda har bir davlat o‘zining Konstitutsiyasiga va shu asosda o‘z konstitutsiyaviy tuzumiga ega bo‘ladi. Sohibqiron Amir Temurning “Temur tuzuklari” Sharq sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega bo‘lgan. Amir Temur tuzuklari fiqh qoidalari bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlari taqdiriga kuchli ta’sir o‘tkazgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yaratilishining tarixiy solnomasiga nazar solinsa, hech shubhasiz, mustaqillik sari tashlangan qadamlarning mantiqiy natijasi ekaniga ishonch hosil qilish mumkin. Konstitutsiya “poydevori”ni qurishda uch ming yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, zamonaviy O‘zbekistonning tarixi – bu mamlakatimizning haqiqiy mustaqillikka erishish yo‘lida Islom Karimov rahnamoligida olib borilgan o‘ta murakkab va og‘ir kurashlar tarixidir. Buyuk Yo‘lboshchimiz haqli ravishda demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy muallifi edi.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi birinchi huquqiy qadam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi bo‘ldi. Men o‘sha davrda Til muammolarini o‘rganish ishchi guruhi a’zosi sifatida Islom Karimovning 1989-yil 23-iyunda O‘zbekistonning birinchi rahbari sifatida ish boshlashi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lganman.

1989-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinib, matbuotda e’lon qilindi. Qonunda mustahkamlangan muhim huquqiy qoidalar keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasida quyidagicha mustahkamlandi: “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi”.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi ikkinchi huquqiy qadam Prezidentlik instituti ta’sis etilishi bilan bog‘liq. Yurtimiz hayotidagi bu g‘oyat muhim tarixiy voqea 1990-yil 24-mart kuni yuz berdi. Mustaqilligimiz e’lon qilinishidan ancha oldin, o‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Sovetning birinchi sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti lavozimini joriy etish haqida qaror qabul qilindi. Ushbu sessiyada Islom Karimov O‘zbekistonning birinchi Prezidenti etib saylandi.

Mustaqil O‘zbekistonning birinchi Konstitutsiyasini yaratish g‘oyasi ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi. Mustabid tuzum respublikalari orasida birinchi bo‘lib mamlakatimizda Prezidentlik lavozimi ta’sis etilgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi uchinchi huquqiy qadam Konstitutsiyaviy nazorat komissiyasining tashkil etilishidir. Prezidentlik institutini joriy etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sessiyada tasdiqlangan Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun loyihasida Konstitutsion nazorat komitetining tuzilishi ham nazarda tutilgan edi. Bunda deputatlar tomonidan ushbu oliy davlat organining Prezidentlik hokimiyatini muvozanatga keltirib turuvchi o‘ziga xos huquqiy vosita vazifasini bajarishiga alohida urg‘u berildi. Shu tariqa bugun amalda bo‘lgan yana bir konstitutsiyaviy institut – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga istiqlol arafasidayoq asos solindi.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi to‘rtinchi huquqiy qadam davlat ramzlarining qabul qilinishidir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi, Prezident lavozimining ta’sis etilishi, davlat nomining e’lon qilinishi, rasmiy davlat ramzlari – Davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasining qabul qilinishi, o‘z valyutasi, poytaxti, tili, hududi, fuqaroligi, umumxalq bayramlariga ega bo‘lish dunyo xaritasida yangi mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘lganligining ifodasidir.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi beshinchi huquqiy qadam Mustaqillik deklaratsiyasining e’lon qilinishidir. O‘zbekiston Oliy Kengashi tomonidan 1990-yil 20-iyunda e’lon qilingan Mustaqillik deklaratsiyasining 8-bandida O‘zbekiston “o‘zining taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilaydi”, degan qoida mustahkamlangan. Deklaratsiyaning 12-bandida ushbu hujjat respublikaning “yangi Konstitutsiyasini ishlab chiqish uchun asos” bo‘lishi qayd etilgan.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi oltinchi huquqiy qadam Konstitutsiyaviy komissiyaning tashkil etilishi bilan bog‘liqdir. Oliy Kengash qarori bilan 1990-yil 21-iyun kuni Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 a’zoni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va Konstitutsiya loyihasi ana shu komissiya tomonidan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida bu haqda shunday dedi: “Oliy Kengash deputati sifatida men ham Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida Bosh qomusimizni yaratish va qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etganimni doimo faxrlanib eslayman. Konstitutsiyamizning qanday qilib hozirgi mazmun va shaklga kelgani, bu murakkab jarayonda kechgan qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar bugungidek yodimda. Haqiqatan ham, 90-yillardagi o‘ta og‘ir davrda Asosiy qonunimiz loyihasini ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichdek keng miqyosda, strategik fikrlaydigan, uzoqni ko‘ra oladigan buyuk siyosiy arbobning bu ishga rahbarlik qilgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi”.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi yettinchi huquqiy qadam Davlat mustaqilligining e’lon qilinishidir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning 1991-yil 31-avgust kuni o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida so‘zlagan nutqidagi: “Men shu bugundan e’tiboran 1-sentabrni respublikamizda Mustaqillik kuni, umumxalq bayrami, deb e’lon qilishni taklif etaman”, degan so‘zlari Vatanimiz tarixiga oltin harflar bilan manguga yozilgan.

Xuddi o‘sha kuni Oliy Kengash O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida Bayonot qabul qildi. Bayonotda ta’kidlandiki, “Bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi hududida respublika Konstitutsiyasi va qonunlari shak-shubhasiz ustun deb e’tirof etiladi”. Shu kuni “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi.

Konstitutsiyaviy mustaqillik yo‘lidagi sakkizinchi huquqiy qadam 1991-yil 29-dekabr kuni birinchi umumxalq Prezident saylovi va davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi referendum o‘tkazilganidir. Xalqimiz davlat mustaqilligini qo‘llab ovoz berdi va muqobillik asosida o‘z Prezidentini sayladi.

1992-yil 4-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining ana shu saylov va referendum yakunlariga bag‘ishlangan to‘qqizinchi sessiyasi ochildi. Ushbu sessiyada Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimini bajarishga kirishish tantanali marosimi bo‘ldi.

Konstitutsiyaviy mustaqillik sari qo‘yilgan to‘qqizinchi huquqiy qadam Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasidir. Konstitutsiyaviy komissiya 1992-yil 8-sentabrda Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilishga qaror qildi. Yangi Konstitutsiyaning birinchi loyihasi 1992-yil 26-sentabr kuni tayyor bo‘ldi va shu kuni matbuotda chop etildi. Loyiha e’lon qilingach, uning umumxalq muhokamasi juda keng tus oldi. Bu ochiq-oshkora muhokamalar fuqarolarning siyosiy faolligi, ijodiy ko‘tarinkiligi ruhida o‘tdi.

Konstitutsiya loyihasi o‘tkazilgan muhokamalar davomida kelib tushgan takliflar asosida tuzatildi va qayta ishlandi. 1992-yil 21-noyabr kuni umumxalq muhokamasini davom ettirish uchun Konstitutsiya loyihasi ikkinchi marta gazetalarda e’lon qilindi.

Shunday qilib, huquqiy pretsedent – ikki bosqichli umumxalq muhokamasi yuz berdi. Ushbu holat, bir tomondan, muhokama ishtirokchilarini faollashtirish uchun qudratli rag‘bat vazifasini bajargan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Asosiy qonunimizning xalqchilligini ta’minladi. Konstitutsiya loyihasi keng jamoatchilik ekspertizasidan o‘tdi.

Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan 1992-yil 6-dekabrda Konstitutsiya loyihasi oxirgi marta muhokama etildi. Birinchi Prezidentimiz sessiyada Konstitutsiyani “xalqchil qomus” deb atab, uning loyihasi ustida taxminan ikki yil davomida ishlangani, ikki yarim oy mobaynida umumxalq muhokamasidan o‘tganligi va shu vaqt mobaynida u xalqning fikr xazinasi durdonalari bilan boyitilganini, sayqal topganini ta’kidladi.

Islom Karimov Konstitutsiya loyihasini birinchi marotaba e’lon qilinguncha to‘rt marta, keyingi e’lon qilingunicha ikki marta, hujjatni sessiyaga kiritishdan oldin yana bir marta tahrir qildi. Bu tuzatishlar va qo‘shimchalarning hammasi juda muhim edi.

Islom Karimov Konstitutsiya loyihasini ayollar va erkaklarning teng huquqliligi, davlatning madaniy yodgorliklar, onalik va bolalikni muhofaza qilishi haqidagi moddalar bilan to‘ldirishni taklif qildi. Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaning inson va fuqarolar erkinliklari va burchlarini qonuniy mustahkamlovchi moddalariga katta e’tibor qaratdi. Shu tariqa Konstitutsiya loyihasi Yurtboshimiz tomonidan yetti marta tekshirib chiqilganidan keyingina so‘nggi muhokama uchun deputatlarga taqdim etildi.

Islom Karimov Konstitutsiyaviy komissiya raisi sifatida sessiyada ma’ruza qildi. Oliy Kengash sessiyasiga muhokama qilish uchun kiritilgan Konstitutsiya loyihasiga 80 ga yaqin o‘zgartirish, qo‘shimchalar taklif etildi va aniqliklar kiritildi. Parlament deputatlari tomonidan loyiha moddama-modda muhokama qilinib, unga yana bir qator o‘zgartirishlar kiritilgach, 1992-yil 8-dekabr kuni Bosh qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran 8-dekabr – umumxalq bayrami deb e’lon qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 20-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi qabul qilingani Bosh qomusimizga bo‘lgan yana bir yuksak e’tibor namunasi bo‘ldi. Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik ayyomidan so‘ng xalqimiz yana bir ulug‘ bayram – Konstitutsiyamizning qutlug‘ chorak asrlik to‘yiga tadorik ko‘radi. Shu bahona yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz farovon hayotimiz poydevorining mohiyatini yanada chuqur anglab, unga bo‘lgan muhabbati oshishiga aslo shubha yo‘q.

Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiyani ishlab chiqish, muhokama etish va qabul qilish jarayonlari, shuningdek, Asosiy qonunimizning 25-yildan buyon amalda namoyon etayotgan samaralari Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning “Konstitutsiya – davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan Qomusnoma” bo‘lganligi, u “xalqimizning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini” aks ettirishi, uning “xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsuli” ekani haqidagi hikmatli xulosalari g‘oyatda to‘g‘ri va asosli ekanini yaqqol tasdiqlaydi.

Akmal Saidov,
yuridik fanlari doktori, professor.

2 380






Все о погоде - Pogoda.uz