O‘zA O`zbek

06.06.2020 Chop etish versiyasi

Mustaqil ekspert: Sahro chigirtkalari keltirgan zarar 500 million dollardan oshib ketdi

Mustaqil ekspert: Sahro chigirtkalari keltirgan zarar 500 million dollardan oshib ketdi


Qishloq xoʻjaligi vazirligidan maʼlum qilishlaricha, har yili chigirtkalar qishloq xoʻjaligi ekinlariga maʼlum darajada xavf soladi. Misol uchun yurtimizda 150 dan ortiq chigirtka turi tarqalgan boʻlib, ulardan 10 turi qishloq xoʻjalik ekinlari, yaylovlar va boshqa oʻsimliklarga katta zarar yetkazishi mumkin. Bular toʻda hosil qilib yashovchi Marokash, Osiyo va voha chigirtkalaridir.

Ayni vaqtda mamlakatimizning janubiy viloyatlariga ulkan chigirtkalar galasi uchib kelayotgani, u koronavirus pandemiyasi, Buxoro va Sardobadagi falokatlardan keyingi ofat boʻlishi mumkinligi aytilmoqda. Bu qanchalik haqiqat? Ana shu kabi bir qator savollarga javob izlab Butunjahon chigirtkalarni oʻrganish jamiyati aʼzosi, FAOning chigirtkalar boʻyicha mustaqil eksperti, professor Furqat Gʻafforovga murojaat qildik.

– Hozirgi kunda jahonning Afrika va Osiyo davlatlarida sahro chigirtkasi yoppasiga koʻpayib, 15 million gektar maydonda koʻchib yuribdi, – deydi F. Gʻafforov. – Hindiston, Pokiston, Afgʻoniston, Eron, Sudan, Efiopiya, Misr davlatlariga bugungi kunda sahro chigirtkalari keltirgan zarar 500 million dollardan oshib ketdi. Hozirda BMT qoshidagi FAO tashkiloti bu davlatlarga begʻaraz yordam bermoqda. Aprel va may oylarida 60 million dollar qiymatida kimyoviy preparatlar yetkazib berildi. Shunga qaramay zararli chigirtka toʻdasi hamon bir joydan ikkinchi joyga, ayniqsa Eron va Pokistonda hanuzgacha yoppasiga uchib oʻtmoqda. Bu esa bizning hosil xirmonimizga ham xavf solishi mumkin.

Zero, sahro chigirtkasi yoppasiga koʻpaygan yillari Afgʻoniston va Erondan shamol yordamida Markaziy Osiyo davlatlariga uchib oʻtishi kuzatilgan. Misol uchun Erondan uchib oʻtgan sahro chigirtkasi Turkmaniston orqali 1929-yilda Oʻzbekistonga ham kirib olgan. Qizil sahro chigirtkalari juda yirik boʻlib, kattaligi 7 santimetrdir. Ular shamol yordamida 2-6 ming kilometr masofagacha bemalol uchib oʻta oladi. Ayrim yillarda ular Afrikadan Yevropa davlatlarigacha uchib oʻtganligi kuzatilgan.

– Ularning bunday “hujumlari” dunyoda davriy holat sifatida baholanadimi? Agar shunday boʻlsa, bu yilni hisobga olmaganda bunday hodisa qaysi yillarda roʻy bergan va oqibatlari qanday boʻlgan?

– Chigirtkalar, ayniqsa, Marokash chigirtkasi yoppasiga koʻpayganda aksariyat qishloq xoʻjalik ekinlariga juda katta talafot keltiradi. Misol uchun, 1982-yilda yurtimizda bu turdagi chigirtkaning yoppasiga koʻpayish oqibatida 40 ming gektar paxta, 30 ming gektar gʻalla va 10 ming gektar maydonidagi tomorqa ekinlari nobud qilingan. 2009-yilda qoʻshni davlatlardan marokash chigirtkasining yoppasiga uchib oʻtishi oqibatida Surxondaryoning birgina Muzrabot tumanida 2000 gektar maydondagi paxta hosili barbod boʻlgani qayd etilgan.

– Chigirtkalarning bu kabi “hujumlari”ning sabablari aniqlanganmi?

– Albatta, buning oʻziga xos jihatlari bor. Eng asosiy muammo yer kurrasining keskin isishi oqibatida yaylovdagi mavsumiy oʻsimliklar qurib ketmoqda. Shu sababli chigirtkalar pastlikdan voz kechib, ozuqa mavjud boʻlgan baland togʻlarga koʻchib oʻtishi kuzatilmoqda. Bundan 30 yil avval Marokash chigirtkasini dengiz sathidan 250-650 metr balandlikda uchratish mumkin boʻlsa, hozirda ularning oʻchoqlari dengiz sathidan 1200-2200 metr balandlikda ham uchraydi. Bu esa ularga qarshi kurash ishlarining samaradorligiga salbiy taʼsir qiladi.

– Nima boʻlganda ham ularga qarshi kurashish zarur, shunday ekan bu borada aholiga qanday tavsiyalar beriladi? Hududlarda kimlarga murojaat qilish kerak?

– Joriy yilda Oʻzbekistonda zararli chigirtkalarga qarshi 280 ming gektarda kimyoviy kurash olib borilmoqda. Hozirda asosiy eʼtibor Marokash chigirtkasiga qaratilgan. Marokash chigirtkasi davlatlararo transchegaraviy hududlarda tarqalgan boʻlib, ularning koʻpayish maydonlari togʻ va togʻ oldi yaylovlarga toʻgʻri keladi. Shu kunlarda ular qanot chiqarib urchiy boshladi. Tabiiy nobud boʻlish davrini esa 20-25 kundan soʻng kuzatish mumkin. Ammo ayrim hollarda shamol orqali qoʻshni davlatlardan chigirtkalar uchishi yana bir oy ichida davom etishi mumkin. Hozirda Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlariga qoʻshni Tojikiston va Turkmaniston daivlatlararo trnaschegara maydonlaridan uchib kelishi kuzatilmoqda.

Qayd etish kerakki, yurtimizning har bir viloyatida zararli chigirtkalarga qarshi kurash xizmatlari mavjud. Ular tirik ofatga qarshi kurash uchun barcha vosita va preparatlar bilan taʼminlangan. Chigirtkaga qarshi kurash xizmati zararli chigirtkalar chiqqan yerlarga ishlov beradi. Zararli chigirtkalarga qarshi kurash uchun respublikamizda yetarlicha kimyoviy preparatlar zaxirasi yaratilgan. Ularga qarshi kurash uchun traktorlar, UMO (Oʻta kam miqdorda suyuqlik sarf qiluvchi moslamalar) mavjud. 10 dan ortiq motodeltoplanlar ham bu yumushlarga jalb etilgan.

Ammo dala chetlari, kollektor, ariq va partov yerlarda uchraydigan zararli chigirtkalarga qarshi kurashni yer egasi bajarishi shart.


1 928
OʻzA muxbiri Sayyora Shoyeva suhbatlashdi