O‘zA O`zbek

16.08.2018 16:52 Chop etish versiyasi

Musobaqaning quyi bosqichida 25 mingdan ziyod bolalar bahslashdi

Bolalar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan futbol bo‘yicha an’anaviy “Mahallamiz kelajagi” kubogi musobaqasining Buxoro viloyati bosqichi yakunlandi.

Turnir Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi viloyat kengashi tomonidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.

– Mahallalarda yoshlar o‘rtasida futbolni ommalashtirish, iste’dodlarni kashf etish hamda rag‘batlantirish maqsadida uch yosh guruhida o‘tkazilayotgan an’anaviy musobaqaning nufuzi yil sayin oshib bormoqda, – deydi Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi viloyat kengashi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Akmal Qozoqov. – Joriy yilda musobaqaning quyi bosqichida 540 mahalladan 25 ming 680 dan ziyod bola 1 ming 500 dan ortiq jamoa tarkibida ishtirok etdi.

Tuman va shahar bosqichlaridan saralangan 39 jamoa Vobkent tumani markaziy stadionida tashkil etilgan final o‘yinlarida maydonga tushdi.

Musobaqaning 13-14 yoshlilardan iborat guruhi hal qiluvchi bahsida Romitan tumanining “Toshrabot” va Kogon tumanining “Niyozhoji” mahalla fuqarolar yig‘inlari futbolchilari uchrashdi. Unda kogonliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. 11-12 yoshli jamoalar o‘rtasida Romitan tumanining “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘ini va 9-10 yoshli ishtirokchilar o‘rtasida G‘ijduvon tumanining “Fayzulla Xo‘jayev“ mahalla fuqarolar yig‘ini sharafini himoya qilgan jamoalar birinchi o‘rinni egalladi.

G‘olib jamoalar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Erkin Yodgorov, O‘zA
2 912