O‘zA O`zbek

01.08.2020 Chop etish versiyasi

Musa Yerniyazov “Shoʻrsha bobo” qabristoniga dafn etildi

Musa Yerniyazov “Shoʻrsha bobo” qabristoniga dafn etildi

Bugun atoqli davlat va jamoat arbobi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Senati Raisining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Qahramoni Musa Tajetdinovich Yerniyazovning dafn marosimi boʻlib oʻtdi. Uning oʻzi yashab oʻtgan xonadonida ruhi poklariga Qurʼon tilovat qilindi va soʻngi manzilga kuzatildi.

Nukus shahrining koʻchalarida oʻn minglab aholi va mehmonlar chuqur qaygʻuda Musa Yerniyazov bilan vidolashdi.

7.JPG

2002-yildan hozirgi vaqtga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari lavozimida ishlagan Musa Tajetdinovich Yerniyazov qariyb 50 yillik mehnat faoliyati davomida oʻzining ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, maʼnaviy fazilatlari bilan, Vatanimizga beqiyos muhabbati va sadoqati bilan haqli ravishda xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan ulugʻ inson edi.

Uning bevosita rahbarligida Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, Orol boʻyidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirish boʻyicha ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi.

30.JPG

Qoraqalpogʻiston Respublikasining eng chekka hududlaridagi dehqon va fermerlarning, quruvchi va bunyodkorlarning, tadbirkor hamda ishbilarmonlar, qoʻyingki, har bir soha xodimlarining muammolarini tinglab, ularni tezroq hal qilishga va amaliy yordam berishga oshiqardilar. Qoraqalpoq diyorida keyingi yillarda yuz bergan barcha ulkan oʻzgarishlar Musa Tajetdinovich Yerniyazovning nomi va amaliy faoliyati bilan chambarchas bogʻliqdir.

M.Yerniyazovning vafoti bilan tuman va shahar hokimliklari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari va oʻquv yurtlari, keng jamoatchilik tomonidan hamdardlik bildirilmoqda. Darhaqiqat, bu voqea butun Oʻzbekiston xalqi, qoraqalpoq eli uchun ulkan yoʻqotish boʻldi.

2.JPG

M.Yerniyazov Nukus shahridagi “Shoʻrsha bobo” qabristoniga dafn etildi.

Xalqimiz atoqli davlat va jamoat arbobi, samimiy va fidoyi inson Musa Tajetdinovich Yerniyazovning xotirasini doim yodda saqlaydi.


4 469
Dovud ABIBULLAYEV Maqsad HABIBULLAYEV (surat), OʻzA