O‘zA O`zbek

13.08.2018 19:44 Chop etish versiyasi

Murojaatlar tez va ijobiy hal etilmoqda

Murojaatlar tez va ijobiy hal etilmoqda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholiga xizmat ko‘rsatish borasida mutlaqo yangi tizim – Davlat xizmatlari agentligi va hududlarda uning markazlari tashkil etildi.

Xo‘sh, bugungi kunda mazkur tuzilma o‘zini qay darajada oqlamoqda? Ular tomonidan aholiga xizmatlar ko‘rsatish sifati qanday?

Buni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Davlat xizmatlari markazi faoliyati misolida ko‘rib chiqamiz.

Markaz tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga bir qator davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Yilning o‘tgan davrida 955 kichik biznes subyekti ro‘yxatga olingan, ularning 550 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir. Markaz tomonidan faoliyat ko‘rsatmayotgan kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari ham o‘rganib borilmoqda. Hozirda 75 turdagi davlat xizmati ko‘rsatish belgilangan bo‘lib, shu kungacha ko‘rsatilgan xizmatlar 14 ming 86 tani tashkil etgan. Murojaatlar markaz xodimlari tomonidan o‘rganilib, tegishliligi bo‘yichaijobiy hal etilayotir.

– Markazga nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ochish maqsadida hujjatlar tayyorlash uchun murojaat qilgan edim, – deydi tadbirkor Madina Jumayeva. – Murojaatim qisqa vaqtda qanoatlantirildi, endi litsenziya olib, o‘z faoliyatimni boshlayman. Ishlarim ortiqcha ovoragarchiliksiz bitganidan juda xursandman.

Markazda xodimlar samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan. Xonalar zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan to‘liq ta’minlangan. Bu yerda har bir murojaat e’tiborda.

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, markazga keyingi paytlarda bolalarni maktabgacha ta’lim muassasasiga qabul qilish hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va tijorat banklari tomonidan ko‘rsatilayotgan barcha turdagi xizmatlardan erkin foydalanishni ta’minlaydigan elektron raqamli imzo sertifikatini olish bo‘yicha arizalar ko‘proq kelib tushmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi murojaatlar qariyb 7 mingta bo‘lib, bu hozirgacha qilingan murojaatlarningqariyb 50 foizi demakdir.

– Markazimiz tomonidan ayni paytda 100 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda, – deydi markaz bosh mutaxassisi Shohrux Hafizov. – Bunday deyishimga sabab, Shahrisabz tumani Davlat xizmatlari markazida ko‘rsatiladigan xizmatlar ro‘yxatiga tajriba tariqasida yana qo‘shimcha 31 turdagi davlat xizmatlari kiritildi. Bundan tashqari, maxsus ajratilgan “Damas” avtomashinasi yordamida olis hududlarga borib, aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatish ham yo‘lga qo‘yildi. Masalan, tog‘li hudud bo‘lgan Hisorak, G‘ilon, Ko‘l qishloqlari tuman markazidan ancha uzoq. Shu bois bu joylarning o‘ziga boribdavlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda va aholining ko‘plab murojaatlari joyida hal etilmoqda.

Shuningdek, markazga jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini hisobga qo‘yish, pensiya va nafaqa miqdori to‘g‘risida ma’lumot berish, takroriy guvohnomalar olish va boshqa xizmat turlari bo‘yicha ham murojaatlar kelib tushmoqda va ijobiy yechimini topayotir. Albatta, bu jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati hal etilishi hamda markaz faoliyatining takomillashuvida, fuqarolik jamiyatini shakllantirishda, iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

O‘lmas Barotov, O‘zA
1 941