Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.01.2017 17:56 Chop etish versiyasi

Xalq qabulxonalari fuqarolarning deputatlar bilan muloqot qilishida muhim vositaga aylanadi

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunini samarali amalga oshirish mexanizmlari” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi tomonidan tashkil etilgan seminarda xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi a’zolari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari, tuman hokimligi mas’ullari, huquqshunoslar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqib, partiya tashkilotlari va fraksiya oldida turgan dolzarb vazifalar muhokama etildi. Mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan birgalikda siyosiy partiyalar, ularning barcha darajadagi tuzilmalari zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi alohida ta’kidlandi. Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida tashkil etiladigan Xalq qabulxonalari fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qatorida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xususan, deputatlar bilan muloqot qilishida ham muhim vositaga aylanishi qayd etildi.

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi, samarali tizimi yaratilishiga e’tibor qaratilayotgani katta ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati N.Muxtorov. – Shundan kelib chiqib, joylarda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning mazmun-mohiyati, ahamiyatini aholi o‘rtasida keng tushuntirish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga oid uchrashuvlarni muntazam tashkil etish zarur. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish, qonunlar ijrosini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish, mavjud muammo va kamchiliklarga mas’uliyat bilan yondoshishda deputatlar faolligi ham alohida ahamiyatga ega.

Mavzu yuzasidan ma’ruzalar tinglangan seminarda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati, partiya tashkilotlari tizimida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning samarali yechimini topish mexanizmlari xususida fikr almashildi.

Ishtirokchilar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA
3 091






Все о погоде - Pogoda.uz