Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

20.09.2017 17:12 Chop etish versiyasi

Murojaat qilish huquqi kafolatlari kuchaytirildi

Murojaatga e’tibor insonga, uning dardu tashvishiga bo‘lgan e’tibordir. Bu masala mamlakatimizda alohida e’tiborda ekani davlat siyosatining insonparvarligi, xalqchilligi namunasidir.

Murojaat qilish – fuqarolarning muhim siyosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. Murojaatlar orqali xalqimizning kayfiyati, shart-sharoiti, olib borilayotgan islohotlarga munosabatini bilish mumkin.

Murojaatlarga munosabat tubdan o‘zgargani sabab xalqimiz davlat organlari va mansabdor shaxslar fuqarolar va jamiyat oldida mas’ul ekanligini, xalq manfaati ustuvorligini o‘z hayotlarida yaqqol his qila boshladi. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida murojaatlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga oid qo‘yilgan vazifaning amalda ta’minlanayotgani natijasidir.

Farmonga muvofiq ishlab chiqilgan «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun shu yil 12-sentabrda matbuotda e’lon qilindi va kuchga kirdi. Unga ko‘ra, yangi tahrirdagi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun tasdiqlandi.

6 bob, 38-moddadan iborat yangi tahrirdagi qonunning eng muhim yangiligi uning amal qilishi davlat ishtirokidagi tashkilotlarga nisbatan ham tatbiq etilishidir. Buning mohiyati shundaki, avvalgi qonunda davlat organlariga murojaat qilish kafolatlari aks etgan bo‘lsa, endi buning doirasi kengaytirildi. Ya’ni endi davlat ulushi mavjud bo‘lgan tijorat tashkilotlariga murojaatlar ham qonun himoyasida bo‘ladi.

Yana bir muhim yangilik – murojaatlarni ko‘rib chiqishning asosiy prinsiplari belgilab qo‘yildi. Ya’ni qonunda an’anaviy prinsiplar bilan bir qatorda murojaatlarni o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish, murojaatlarga nisbatan talablarning bir xilligi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda byurokratizm va sansolarlikka yo‘l qo‘yilmasligi kabi maxsus prinsiplar belgilandi.

Gohida shunday holatlar ham uchraydiki, fuqaro murojaatda uch yoki to‘rtta masalani hal qilishni so‘raydi, amalda esa uning faqat bitta talabi ko‘rib chiqiladi. Shuning uchun ham qonunga “to‘liq ko‘rib chiqish” degan alohida rahbariy talab kiritildi. Xalqona aytganda “otangga bor, onangga bor” qabilidagi sansolarlik fuqarolarni qiynayotgan omillardan. Shuning uchun ham bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida yuqoridagi prinsip belgilab qo‘yildi.

Huquqshunoslik fani nazariyasidan ma’lumki, qonunlarda prinsiplar shunchaki belgilanmaydi. Prinsip butun bir qonunning mazmun-mohiyatini o‘ziga bo‘ysundiruvchi, rahbariy qoidadir. Agar qonunning boshqa normalari fuqarolarga turlicha talab va majburiyatlar yuklashga yo‘l qo‘yganida ham qonunning prinsiplari ustuvorlik qiladi. Har qanday holda ham byurokratizmga yo‘l qo‘yilishi taqiqlanadi.

Qonunga "Asosiy tushunchalar" degan yangi modda kiritildi. Unda murojaatlar amaliyotida ko‘p uchrayotgan yangi tushunchalarning mazmuni belgilab berildi. Ular qatoridan “elektron murojaat”, “takroriy murojaat”, “anonim murojaat”, “murojaatning dublikati”, “ommaviy qabul”, “videokonferensaloqa”, “davlat ishtirokidagi tashkilot” kabilar o‘rin olgan.

Xabaringiz bor, avval elektron murojaat uchun elektron raqamli imzo talab qilingan. Bu murojaat qilishni ancha chegaralaydigan omil edi. Chunki elektron raqamli imzo olishning o‘zi alohida tartib-taomilni talab qiladi. Bunday cheklovni bartaraf etish maqsadida qonundan "elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak", degan talab chiqarildi. Albatta, bu juda katta qulaylik bo‘lib, fuqarolarning uzog‘ini yaqin qilishga, mablag‘i tejalishiga, ovoragarchiliklarning oldi olinishga zamin yaratdi.

Qonunda yangi institut – jismoniy va yuridik shaxslar vakillarining ommaviy qabullarini tashkil etilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yildi. Endilikda ommaviy qabul hovlilarga (kvartiralarga), boshqa binolarga va joylarga birma-bir kirib chiqish orqali ham o‘tkazilishi mumkin.

Bundan tashqari, qonunda og‘zaki murojaatlar real vaqt rejimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda, jumladan, davlat organlarining, tashkilotlarning ishonch, tezkor aloqa telefonlari orqali va videokonferensaloqa vositasida ham berilishi mumkinligi qayd etildi. Bularning barchasi murojaat etgan shaxslar huquqlari himoya qilinishi, ular tomonidan ko‘tarilgan masalalar qonun doirasida ko‘rib chiqilishini kafolatlashga xizmat qiladi.

Qonundagi yana bir muhim yangilik – bu Xalq va virtual qabulxonalar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi, ularning asosiy vazifalari, Prezident Xalq qabulxonalarining huquq va majburiyatlari, Prezidentning Virtual qabulxonasi tomonidan murojaatlarga doir masalalar bo‘yicha real vaqt rejimida maslahatlar berish, davlat organlarining, tashkilotlarning va ular mansabdor shaxslarining virtual qabulxonalarini tashkil etish kabi masalalar qonunan tartibga solinganligidir. Albatta, bu fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga, Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi maqomini qonun yo‘li bilan yanada mustahkamlashga, ularning huquqiy ta’sir va imkon doiralarini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Hozirgi vaqtda qator organlar o‘zlarining virtual qabulxonalarini tashkil qilgan. Murojaatlarni qabul qilishning bunday holatini qonunan mustahkamlash maqsadida qonunning 14-moddasida aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni amalga oshirish, shuningdek, murojaatlar bilan ishlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish maqsadida davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari o‘z virtual qabulxonalarini tashkil etishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

Ma’lumki, har qanday ishda muvaqqiyat garovi bu – tartib-intizomning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani hisoblanadi. Bunda esa ish yuritish tartibini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etadi. Murojaatlar bilan ishlashda turlicha amaliyotga chek qo‘yib, yagona tartib o‘rnatish maqsadida qonunga alohida “Murojaatlar bo‘yicha ish yuritish” deb nomlangan yangi modda kiritildi. Unda davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxsiga kelib tushgan murojaat o‘sha kunning o‘zida, ish vaqti tugaganidan keyin kelib tushgan taqdirda esa, keyingi ish kuni ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak.

Murojaatni ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Davlat organlarida, tashkilotlarda murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish daftari yuritilib, unda murojaatning tartib raqami va kelib tushgan sanasi, murojaat etuvchi jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), yuridik shaxsning nomi, murojaatning qisqacha mazmuni, ijrosi to‘g‘risidagi belgi, shuningdek, boshqa ma’lumotlar ko‘rsatiladi. Murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanishi tizimini joriy etishi ham mumkin.

Ommaviy qabullarni o‘tkazish amaliyoti ko‘p hollarda fuqarolar og‘zaki ravishda murojaat qilayotgani, ko‘pgina talablar o‘z joyida hal qilinayotgani hamda natijalar ko‘pchilikka ochiq-oshkora ma’lum bo‘layotgani sababli bunday turdagi qabullar vaqtida tushgan va joyida hal etilgan og‘zaki murojaatlarni ro‘yxatdan o‘tkazish talab qilinmaydi. Faqat murojaat bilan bog‘liq ma’lumotlar ommaviy qabul bayonnomasida qisqacha keltirilishi mumkin.

Qonunning 26-moddasiga murojaat etuvchini eshitish, degan yangi protsessual harakat kiritildi. Unda murojaatni ko‘rib chiqayotgan davlat organi, boshqa tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari o‘z tashabbusiga ko‘ra yoxud murojaat etuvchining iltimosiga ko‘ra uni eshitishni tashkil etishi mumkin. Davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchiga murojaatda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikrini bildirish va murojaat bo‘yicha qo‘shimcha axborot taqdim etish imkoniyatini berishi, davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari murojaat etuvchini eshitishga ekspertlarni, mutaxassislarni va manfaatdor tashkilotlarning vakillarini jalb etishi mumkin.

Qonunning 27-moddasida murojaatlarga javoblarga nisbatan yagona talablarni belgilash maqsadida yangi modda kiritildi. Unga ko‘ra, murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalariga ko‘ra davlat organi, tashkilot yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan qaror qabul qilinadi. Bu haqda murojaat qiluvchiga darhol yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi. Murojaatga javobni davlat organining, tashkilotning rahbari yoki ularning mansabdor shaxsi imzolaydi. Jamoaviy murojaatlarga javob, agar murojaatda javobni boshqa shaxsga yuborish talab etilmagan bo‘lsa, murojaat qiluvchilarning ro‘yxatida birinchi ko‘rsatilgan shaxsga yuboriladi.

Murojaat, agar unda qo‘yilgan barcha masalalar qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqilgan va murojaat qiluvchiga tegishli javob yuborilgan taqdirda, ko‘rib chiqilgan hisoblanadi.

Qonunning 33-moddasida davlat organlari murojaatlar bilan ish olib boruvchi o‘z xodimlarini o‘qitishi va uch yilda kamida bir marta ularning malakasini oshirishiga oid talablar belgilangan.

Qonun normalari bajarilishi ustidan nazorat samaradorligini oshirish maqsadida 34-moddada davlat organlarining, tashkilotlarning rahbarlari yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxslari o‘z tuzilmaviy bo‘linmalari tomonidan murojaatlarning ko‘rib chiqilishi ustidan doimiy monitoring va nazoratni amalga oshiradi. Ularning to‘liq, xolisona va o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash choralarini ko‘radi. Murojaat u qaysi rahbar yoki vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan nazoratga olingan bo‘lsa, o‘sha shaxs tomonidan nazoratdan va ijrodan olinishi, oraliq javoblar berilgan va to‘liq ko‘rib chiqilmagan murojaatlar nazoratdan olinmasligi qonunda belgilab qo‘yildi. Albatta, mazkur norma ham fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Murojaatlar bo‘yicha hisob va hisobotni samarali yuritish maqsadida qonunning 35-moddasida davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari kelib tushgan murojaatlarning statistik hisobini yuritishi, statistik hisobga olishda kelib tushgan, ko‘rib chiqilgan, qanoatlantirilgan, qanoatlantirish rad etilgan, ko‘rmay qoldirilgan murojaatlarning soni, shuningdek, murojaatlar bilan ishlashga bog‘liq bo‘lgan boshqa ma’lumotlar nazarda tutiladi. Davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari har chorakda murojaatlarni umumlashtirishi va tahlil qilishi (avvalgi tahrirda bir yilda kamida bir marta edi) mustahkamlab qo‘yildi.

Davlat organlari murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra ma’lumotnomalar (sharhlar) tuzadi. Ularda murojaatlar bilan ishlashning umumiy ko‘rsatkichlari, murojaatlarda tez-tez ko‘tarilgan masalalar, murojaatlarni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha aniqlangan asosiy kamchiliklar va qoidabuzarliklar, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, shuningdek, jamiyat va davlat manfaatlari buzilishini keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish maqsadida ko‘rilgan chora-tadbirlar aks ettiriladi. Murojaatlarni umumlashtirish va tahlil qilish natijalariga ko‘ra tuzilgan ma’lumotnomalar (sharhlar) tegishli davlat organlarining rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirda qabul qilingan mazkur qonun murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tayotganligimizning qonuniy asosidir. Uning tub mohiyatiga xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerakligi singdirilgan.

Miravzal Mirakulov,
yuridik fanlari doktori.

O‘zA
1 646






Все о погоде - Pogoda.uz