O‘zA O`zbek

23.10.2019 Chop etish versiyasi

Muqobil energiyadan foydalanganlar soliqlar toʻlamaydi

Muqobil energiyadan foydalanganlar soliqlar toʻlamaydi

Agarda siz amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan yashash uchun moʻljallangan joyda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni boshlasangiz, shu oydan eʼtiboran uch yil muddatga jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer soligʻidan ozod boʻlasiz. Agarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalarini ishlab chiqaruvchisi boʻlsangiz, davlat roʻyxatidan oʻtgan sanadan eʼtiboran besh yil muddatga soliqning hech bir turini toʻlamaydi.

Ushbu imtiyozlar xususida “Made in Uzbekistan” Xalqaro koʻrgazmasi doirasida oʻtkazilgan “Oʻzbekistonda energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishda xalqaro hamkorlikning oʻrni va ahamiyati”ga bagʻishlangan I xalqaro forumda alohida qayd etildi.

Xususan, 2019-yil 22-mayda qabul qilingan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida”gi qonunda ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik, qidiruv, joriy etish, loyihalash, qurilish-montaj ishlari va foydalanishga doir ishlar, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqarish, toʻplash va isteʼmoli bilan bogʻliq faoliyat huquqiy kafolatlab berilgan.

– Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatganlik uchun mol-mulk soligʻini toʻlashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band boʻlgan uchastkalar boʻyicha yer soligʻini toʻlashdan oʻn yil muddatga ozod etilishi ham muqobil energiya ishlab chiqarishga boʻlgan qiziqishni oshirish tabiiy, – deydi “CHINT DISTRIBUTION” Oʻzbek-Xitoy qoʻshma korxonasi direktori Akbar Rasulov. – Energiya yetkazib beruvchi tashkilot beradigan amaldagi energetika resurslari tarmoqlaridan toʻliq uzib qoʻyilgan holda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma bu imtiyozlarni berish uchun asos boʻladi.

“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va “CHINT DISTRIBUTION” Oʻzbek-Xitoy qoʻshma korxonasi hamkorlikda tashkil etgan ushbu forumda xorijiy kompaniya vakillari, energiya tejovchi va quyosh panellari ishlab chiqaruvchi korxona xodimlari, dillerlik xizmati vakillari, ishlab chiqarishda mehnat qilayotgan muhandis texnik-ustalar ishtirok etmoqda.

Forumda “CHINT DISTRIBUTION” kompaniyasi vakillari Xitoy bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar, yangi loyihalar haqida taqdimot oʻtkazdi.

Tadbir yakunida sohada munosib natijalarga erishayotgan ishlab chiqaruvchilar, oddiy ustadan tortib yirik korxonagacha boʻlgan jarayondagi faol xodimlar esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

1 216
Sayyora SHOYEVA, Yoqub MELIBOYEV (surat), OʻzA