Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.06.2018 19:51 Chop etish versiyasi

Muqaddas qadamjolar obod bo‘lmoqda

Muqaddas qadamjolar obod bo‘lmoqda
Surxondaryo viloyatida ham Ramazon hayitini tinch va ko‘tarinki ruhda munosib nishonlashga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Shu maqsadda bayramni tartibli, xalqimizning milliy-diniy qadriyatlariga mos o‘tkazish yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Prezidentimizning 2018 yil 11 iyundagi “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.

Islom dinining insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etgan Ramazon oyi odamlarni yaxshilikka, bag‘rikenglik va xayr-saxovatga, hozirgi osuda va obod hayotning qadriga yetishga undab, ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdao‘ziga xos o‘rin tutmoqda.

6.jpg

Xalqimiz ushbu muqaddas oyda dinimiz arkonlarini bekamu-ko‘st ado etishi barobarida ehtiyojmand oilalarni moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda o‘zaro hurmat, mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, joylardagi masjidlar, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va qabristonlarni obod qilish, saranjom-sarishtalikka alohida e’tibor qaratayotgani bunga yaqqol dalildir.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Sherobod tumanidagi buyuk muhaddis Iso Termiziy xoki mangu qo‘nim topgan go‘sha obod, ko‘rkam maskanga aylantirildi. Majmua tubdan rekonstruksiya qilindi, yangi masjid barpo etildi. Ulug‘ ayyom kuni erta tongdan bu yerda mo‘min-musulmonlar Ramazon hayiti namozini ado etadi. Shuningdek, dam olish kunlaridan foydalangan yurtdoshlarimiz bu maskanni ziyorat qilib, ruhiy-ma’naviy quvvat olishga oshiqadi. Xalqimizning ana shunday ezgu maqsadlariga mos ravishda majmua atrofida keng ko‘lamli obodonlashtirish yumushlari bajarildi. Anvoyi gullar ekilib, daraxtlarga shakl berildi. Ariqlar tozalanib, hududdagi qabriston tartibga keltirildi.

Termiz shahridagi Hakim Termiziy majmuasida ham bayramoldi obodonlashtirish ishlari yakunlanmoqda. 10 gektar maydondan iborat majmuada 37 ishchi daraxtlarga shakl berish, turli anvoyi gullarni parvarishlash, yo‘lakchalarni tozalash kabi yumushlarni sifatli amalga oshirmoqda.

– Bayram kunlarida ulug‘ alloma xoki mangu qo‘nim topgan bu go‘sha ziyoratchilar bilan yanada gavjum bo‘ladi, – deydi Al-Hakim at-Termiziy yodgorlik majmuasi ishchisi U.Yo‘ldoshev. – Ayniqsa, bu yil muborak Ramazon hayiti sharofati bilan dam olish kunlari uzaytirilgani ziyoratchilar safini yanada kengaytiradi. Qilinayotgan obodonlashtirish ishlari hayit kunlari yurtimizning turli hududlaridan keladigan mehmonlar bu yerdagi ozodalik va orastalikdan dillari shod bo‘lib, kafiyati yanada ko‘tariladi. Bu buyuk ajdodlarimiz va ulug‘ qadriyatlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini mustahkamlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz tumanidagi Sulton Saodat yodgorligi, Oltinsoy tumanidagi So‘fi Olloyor, Jarqo‘rg‘on tumanidagi Samandar Termiziy kabi ziyoratgohlarda ham obodonlashtirish ishlari yuqori saviyada tashkil etilgan.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (surat) O‘zA
1 556