Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.01.2018 14:55 Chop etish versiyasi

Muqaddas haj ziyoratini ibodat emas, orzu-havasga aylantirayotganlar ham bor

deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasining Farg‘ona viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Tursuntohir Erbo‘taev O‘zA muxbiri bilan suhbatda. 

– Mo‘min-musulmonlar haj ziyoratini Alloh taolo buyurgan ulug‘ ibodat, deb bilishlari lozim. Haj tadbiriga borishga navbatga qo‘yiladigan nomzod moddiy va jismoniy jihatdan unga qodir bo‘lishi, amallarni to‘g‘ri va to‘la-to‘kis ado etish uchun yetarli diniy bilimga ega bo‘lishi, ma’naviyati, ma’rifati va odob-axloqi bilan mahallada obro‘-e’tiborli bo‘lishi kabi talablarga javob berishi kerak. Afsuski, keyingi vaqtlarda hajga borayotganlar orasida uni ibodat deb bilishdan ko‘ra, orzu-havasga aylantirib olayotganlar ham ko‘zga tashlanmoqda. 

Mamlakatimizda muqaddas dinimiz sofligini saqlash, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ allomalarning ilmiy merosini o‘rganish, qadamjolarini obod etish, yangi masjid-madrasalar qurish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Dinimiz arkonlarini emin-erkin bajarish uchun barcha sharoit, xususan, Vatanimizdan muborak haj safariga borayotgan fuqarolarimiz uchun yaratib berilayotgan imkoniyat va qulayliklar barchani behad mamnun etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 28-dekabrdagi "Haj" va "Umra" tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori bu borada, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. 

Istiqlol sharofati bilan xalqimiz barcha sohalarda emin-erkin sa’y-harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani kabi dinimiz ko‘rsatmalarini xotirjam ado etish baxtiga ham muyassar bo‘ldi. Xususan, bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 198 masjid faoliyat ko‘rsatmoqda. Aziz-avliyolar, ulug‘ alloma-yu fozil insonlarning maqbaralari va ko‘plab ziyoratgohlar ta’mirlandi. Yaqinda ish boshlagan Islom huquqi maktabida viloyatdagi imom-xatiblar va noiblarga Burhoniddin Marg‘inoniy kabi allomalarimizning asarlari chuqur o‘rgatilmoqda. 

Haj islom arkonlaridan biridir. Qodir bo‘lgan kishiga bu ibodatni umri davomida bir marta ado etish farzdir. Allohga beadad shukrlar aytamizki, yurt mustaqilligi sharofati bilan haj, umra ziyoratiga borib-kelishga ham yo‘l ochildi, qulay sharoitlar yaratildi. Davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor tufayli hojilarimiz barcha qulay sharoitlarga ega bo‘ldilar. Ularni kuzatish, muqaddas joylarga borilgach, u yerda ham qulay istiqomat choralarini ko‘rish hamda sog‘-salomat Vatanga qaytgach, ularni kutib olish kabi xizmatlar yuksak darajada yo‘lga qo‘yilgan. 

2017-yili 7 mingdan ziyod, xususan, Farg‘ona viloyatidan 1000 ga yaqin yurtdoshlarimiz haj amalini ado etish sharafiga muyassar bo‘ldi. Ularning bu muborak safarga eson-omon borib-kelishlari, ibodatlarni barcha ruknlariga rioya qilgan holda mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar muhayyo etilgan. Hojilar uchun transport masalasi hech qanday muammosiz hal etilmoqda, ularga zamonaviy samolyotlar ajratilmoqda, maxsus ishchi guruhi, oshpaz va shifokorlar bilan ta’minlanmoqda. Ular ibodat joylariga yaqin shinam va qulay mehmonxonalarga joylashtirilmoqda, ularni oziq-ovqat bilan ta’minlash, salomatliklarini saqlash kabi ishlar ham namunali tashkil etib kelinmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirdi. Albatta, haj tadbiriga borishda ijtimoiy adolatni ta’minlash, munosib nomzodlarni saralash eng muhim mezonlardan biridir. Endilikda “Haj” tadbiriga borishga nomzodlarni mahalla fuqarolar yig‘ini miqyosida saralab olish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida tuman (shahar) hokimi tomonidan 7 kishidan iborat tarkibdagi ishchi guruh tuzilishi belgilandi. Ishchi guruh tarkibiga, qoidaga ko‘ra, tuman bosh imomi, mahalla imomi, mahalla raisi, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi, profilaktika inspektori, Xotin-qizlar qo‘mitasi va «Nuroniy» jamg‘armasi vakillari kiritiladi. «Haj» tadbiriga borishga nomzodlar navbatga qo‘yilishidan avval maxsus talablar asosida ishchi guruh suhbatidan o‘tkaziladi va saralanadi. 

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, "Haj"ga bormoqchi bo‘lgan fuqaro oldin «Haj»ga bormagan bo‘lishi lozim (oldingi talabda so‘nggi 5-yil inobatga olinar edi). «Umra»ga bormoqchi bo‘lgan kishi so‘nggi ikki yil mobaynida «Umra»ga yoki so‘nggi 5-yil ichida «Haj»ga bormagan bo‘lishi kerak. 

Alloh taolo muborak haj safariga hozirlik ko‘rayotgan barcha yurtdoshlarimizni haj ibodatini ado etib, sog‘-salomat yurtimizga qaytib kelishlarini muvaffaq aylasin! 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
8 531