O‘zA O`zbek

13.08.2020 Chop etish versiyasi

MUNOSABAT: Imom Moturidiy va uning izdoshlari merosini targʻib qilish savobli ish (+video)

MUNOSABAT: Imom Moturidiy va uning izdoshlari merosini targʻib qilish savobli ish (+video)

– Kuni kecha Prezidentimiz “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi yana bir tarixiy qarorni imzoladi. Bu ilmiy va amaliy ahamiyatga molik ish boʻldi. Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosini oʻrganish, tiklash, oʻzbek tiliga tarjima qilish, targʻib qilish juda katta savobli va salmoqli ish. Qarorning mazmuni-mohiyatida aynan shular nazarda tutilgan.

Hujjatga ilova qilingan “Yoʻl xaritasi”da qarorni bajarish yuzasidan juda muhim tadbirlar belgilangan. Shuningdek, ushbu markazning xalqaro miqyosda ish olib borishi ham qayd etilgan.

Joriy yilda Imom Moturidiyga bagʻishlangan Misrning al-Azxar universiteti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan konferensiya bu mavzuga juda katta qiziqish borligini koʻrsatgan. Chunki musulmon dunyosining juda katta qismi xanafiya mazhabi va moturidiya yoʻnalishida faoliyat olib boradi. Ular islomda oʻta muhim boʻlgan bagʻrikenglikni targʻib qiladi, moʻtadillikni, insoniylikni tarannum etadi.

“Yoʻl xaritasi” bajarilishida xalqaro miqyosda olimlar, mutaxassislar jalb qilinishi nazarda tutilgan. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil topishi ham muhim ahamiyatga ega. Negaki, bu akademiya huzurida allaqachon katta ilmiy muhit va tajriba shakllangan, jamlangan. Sohada oʻz oʻrniga ega olimlar, yosh tadqiqotchilar faoliyat yuritmoqda.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiya markazi hamkorlikda bu qaror ijrosini el-yurtimiz manfaati yoʻlida amalga oshirishda hissamizni qoʻshishga harakat qilamiz.

Shoazim MINOVAROV,
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori.

1 565
OʻzA