Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.07.2018 18:14 Chop etish versiyasi

Mundial, biz seni sog‘inib qolamiz!

Mundial, biz seni sog‘inib qolamiz!
Zavq, hayajon, quvonch, gohida achinish, sog‘inch – bu tuyg‘ularning barchasini futbolda bir vaqtning o‘zida his qilish mumkin.

Shuning uchun millionlar o‘yini deymiz, undan zavq olamiz. Mana, to‘rt yillikning eng nufuzli turniri ham o‘z nihoyasiga yetdi. Kecha bo‘lib o‘tgan final o‘yinini millionlab odamlar qatorida bizning mamlakatdagi futbolsevarlar ham tomosha qildi. Futbol shunday lahzalarni hadya etadiki, bu onlarga yetish uchun to‘rt yil kutishga rozi bo‘lasiz.

Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati bizga shunday lahzalarni hadya etdi. Fransuzlar tarixda ikkinchi marta bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.

“UzReport” axborot agentligi hamda Xalqaro press-klub hamkorligida “FIFA jahon chempionati – 2018: millionlar o‘yini, jonli translyatsiya va futbol zavqi” mavzuida tashkil etilgan matbuot anjumanida mundialning zavqli lahzalari yana bir bor esga olindi. Tadbirda rossiyalik sport sharhlovchilari Denis Kazanskiy va Aleksandr Yelagin, FIFA referisi Ravshan Ermatov, “UZREPORT TV” va “FUTBOL TV” telekanallarining yetakchi sport sharhlovchilari ishtirok etdi.

Anjumanda chempionatni O‘zbekiston hududida efirga uzatish yakunlari muhokama etildi. “UzReport” axborot agentligi bosh direktori R.Jo‘rayevning ta’kidlashicha, o‘yinlarning “Full HD” formatda efirga uzatilishini ta’minlash maqsadida bir qator texnik o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Ya’ni, sharh tilini (rus yoki o‘zbek) tanlash imkoniyatining joriy etilgani tomoshabinlarga qulaylik yaratgan.

Musobaqa doirasidagi o‘yinlarni rus tilida yuqori darajada sharhlash uchun Rossiya sport kanallari sharhlovchilari – Denis Kazanskiy va Aleksandr Yelagin, shuningdek, qozog‘istonlik mashhur sharhlovchilar – Dmitriy Mostovoy hamda Yevgeniy Akmanov O‘zbekistonga taklif etildi.

Ularning Toshkentga tashrifi juda foydali bo‘ldi. Sababi, sharhdan tashqari telekanalda mahorat saboqlari o‘tkazildi, o‘zaro tajriba almashildi. Bundan tashqari, rossiyalik sport sharhlovchilari O‘zbekistonda futbolni yanada ommalashtirish maqsadida turli fan klub a’zolari va futbol muxlislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Shuningdek, jurnalistlar uchun maxsus intervyular tashkil etildi.

– “UZREPORT TV” kanali orqali ikki tildagi sharh yo‘lga qo‘yilishi o‘zbekistonlik muxlislar uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi, – deydi Denis Kazanskiy. – O‘ylaymanki, o‘zaro hamkorlik sharhlovchilik maktabi rivojida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Anjumanda jahon chempionatlarida eng ko‘p o‘yin boshqargan hamyurtimiz, FIFA referisi Ravshan Ermatov faoliyati xususida so‘z yuritildi. 21-jahon chempionati hamyurtimiz uchun uchinchi mundial bo‘ldi. 2010 yil Afrika qit’asida bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida R.Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasi 5 ta o‘yinni boshqargan. 2014 yil Braziliyada o‘tgan mundialda 4 ta o‘yinni boshqarib, rekord natija qayd etgan. Rossiya yashil maydonlaridagi turnirda hamyurtimizga 2 ta muhim o‘yin ishonib topshirildi va u o‘z rekordini yana yangiladi.

– O‘zbekistonlik muhlislarning dastagi bizga kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi. Mundial juda qiziqarli, his-hayajonga boy o‘tdi. Xohlaysizmi-yo‘qmi, futbol uchrashuvlarining jozibasi qanday hakamlik qilishga ham bog‘liq. Bu esa bizga juda katta mas’uliyat yuklaydi. 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tadigan turnirda O‘zbekiston terma jamoasini ham ko‘rishni juda xohlaymiz. Umid qilamizki, futbolchilarimiz buni uddalaydi, – dedi Ravshan Ermatov.

O‘yinlarning jonli translyatsiyalaridan kun natijalariga bag‘ishlangan “Highlights” dasturi taqdim etildi. Bundan tashqari, “FUTBOL TV” telekanali orqali yarim final uchrashuvlaridan boshlab, tomoshabinlar e’tiboriga jonli efirda “Futbol TV Studio” ko‘rsatuvi havola qilindi. Ushbu ko‘rsatuv o‘zbek va rus tillarida efirga uzatildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda futbol sohasidagi yetakchi mutaxassislar va sharhlovchilar o‘yinlarni muhokama qildi. Tomoshabinlar ko‘rsatuv davomida ularga “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali savol yo‘llash imkoniga ega bo‘ldi.

Nurillo Nasriyev, O‘zA
2 867