Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

12.05.2018 08:00 Chop etish versiyasi

Mullo Bozor Oxund maqbarasi

01.jpg

Mullo Bozor Oxund ulug‘ donishmand va mutafakkir, mudarris va murabbiy, ilohiyot ilmining bilimdoni va tasavvuf ahlining pirlaridan biri bo‘lgan. U otashnafas shoir Boborahim Mashrabning ustozi sanaladi.

Alloma XVII asrning birinchi yarmida dunyoga kelgan. Boshlang‘ich ta’limni uyida olib, keyin madrasada o‘qigan. Ilmga tashnalik hissi uni Turkistonning ilmu fan markazi sanalmish Buxoroga yetaklaydi. U yerda donishmand olim Mirzo Bahodir Buxoriydan ta’lim olgach, Sharq mamlakatlariga yo‘l oladi. Sayohati davomida Bozor Oxund Qashqarning Xo‘tan, Yorkent va boshqa shaharlarida bo‘lib, katta obro‘ qozonadi. Asli kosonlik Sulton Said Jaloliddin avlodlaridan bo‘lmish mashhur Hidoyatilloh Ofoq xo`ja bilan tanishib, bir necha muddat u kishining huzurida turadi. So‘ng Qashqardan Buxoro, keyin esa Qo‘qon orqali Namanganga kelib, shu yerdagi Labbay Tog‘a dahasidagi madrasada mudarrislik qiladi, shu bilan birga masjidda imom vazifasini bajaradi.

04.jpg

Mullo Bozor Oxund fiqh, hadis, faroiz, jo‘g‘rofiya, ilmi hisob, tarix, adabiyot, ruhshunoslik va boshqa ilmlarni yaxshi egallagan yirik olim edi. U arab, fors, turkiy tillarda ijod qilgan.

02.jpg1645–1655-yillar orasida Boborahim Mashrab ilk saboqni aynan shu kishidan olgan. Mashrab o‘z g‘azallarida ustozini ehtirom bilan tilga oladi.

Bu tabarruk zot valiy sifatida o‘z karomat va bashoratlari bilan ham shuhrat topgan. U haqda “Tazkirai azizon”, “Tazkirai Roqim” asarlarida qimmatli ma’lumotlar uchraydi.

Mullo Bozor Oxund ijodiga mansub asarlar, afsuski, yo‘qolib ketgan. Ayrim qo‘lyozmalarda uning hikmatlari, fors tilida bitilgan ruboiylari va she’riy parchalarigina saqlanib qolgan. Alloma yuz yildan ortiq umr ko‘rib, 1730-yil Namanganda vafot etgan.

Namangan shahrining Kurashxona dahasidagi Mullo Bozor Oxund maqbarasi qatag‘on qirg‘ini yillarida buzib tashlangan. Mustaqillik tufayli ulug‘ zotning maqbarasi qayta tiklandi, atrofi obodonlashtirilib, muqaddas qadamjoga aylantirildi. Endilikda bu yer yil davomida mahalliy va xorijiy sayyohlar, ziyoratchilar bilan gavjum.

Sitora Valiqulova

5 225