O‘zA O`zbek

05.07.2019 19:40 Chop etish versiyasi

Mulkdorlar: “Banklar bizdan foiz talab qilmoqda”

Mulkdorlar: “Banklar bizdan foiz talab qilmoqda”

Milliy matbuot markazida oʻtkazilgan “Eksportga doir qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Respublika Hukumatining qarorlari va ularning ijrosi” mavzusidagi matbuot anjumanida aytilgan bu fikr koʻpchilik uchun yangilik boʻlishi mumkin.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashining bugungi anjumanida bu kabi qiziqarli va koʻplab yangi masalalar muhokama qilindi.

– Ayni vaqtda banklar bizni ezib tashladi, – deydi Parkent tumanidagi “Zarkent sohibi” fermer xoʻjaligi ish boshqaruvchisi Habibulla Qurbonov. – Ular ham daromadimizga, ham pulimizga sherik boʻlmoqda. Bunga oʻzim guvoh boʻldim. Yaqinda meva quritish va sovutgich uskunalari xarid qilish uchun bank orqali shartnoma qilib bu jihozlarni xarid qilish uchun xorijiy kompaniyaga 150 ming dollar oʻtkazishga toʻgʻri keldi. Ana shunda bank xizmat koʻrsatgani uchun bir foiz, pulni chetga yuborgani uchun yana bir foiz mablagʻni ushlab qoldi.

Toshkent viloyatidan kelgan yana bir fermer bu soʻzlarni davom ettirib, yaqinda eksport qilgani, xorijdan kelgan valyuta bankda qolib, unga soʻm berilgani, biroq bu puldan bank xizmat haqi olib qolgani haqida aytdi. Yaʼni tushgan 300 ming dollarni naqd shaklida bergani uchun bank xizmat haqi sifatida 40 million soʻmni olib qolibdi.

– Bunday holatlarning sababi fermerlarning huquqiy madaniyati nisbatan pastligi, – deydi kengashning huquqshunosi Sohibjon Xotamov. – Ular bank yoki boshqa tashkilotlar bilan tuzilgan shartnomalarni yaxshilab oʻrganib, manfaatiga zid shartlarni rad etmaydi. Baʼzida uni oʻqimasdan ham qoʻl qoʻyadi. Bunday eʼtiborsizlik esa keyin koʻplab norozilik va tashvishga sabab boʻladi. Shu bois mulkdorlarning huquqiy madaniyatini yanada oshirish borasida bir qator ishlar olib borilmoqda. Ayni vaqtda har bir tumanda ikkitadan yurist shtati ochilgan. Ular kengash aʼzolariga tekin xizmat koʻrsatmoqda.

Matbuot anjumanida koʻtarilgan yana bir masala bozorlarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari narxining qimmatligi bilan bogʻliq savolga tashkilotchilar bir ovozdan bu – bozor iqtisodiyotining talablaridan biri ekanini qayd etishdi.

Aslida ham mahsulot bahosini sunʼiy ushlab turish oqibatlari dehqonlarning bir necha marotaba “mehnatiga qoʻyib” qolishiga sabab boʻlgani kuzatilgan. Oʻtgan yilgi piyoz, achchiq qalampir masalasiz hammani esida. Zero, bozorda talabga koʻra taklif boʻlishi, mahsulot qanchalik qimmat boʻlsa, dehqon mehnati qadr topishi kunday ravshan.

Sayyora Shoyeva, OʻzA