O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Mulk daxlsizligi qonun va adliya himoyasida

Mulk daxlsizligi qonun va adliya himoyasida

Xususiy mulkning daxlsizligi Konstitutsiyada ham belgilab qo‘yilgan. Biroq, ayrim mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarning xususiy mulkiga nisbatan tajovuz qilish holatlari ham uchrab turibdi.

Xususan, Farg‘ona shahar hokimining 2019 yil 19 sentabrdagi 965-sonli qarori bilan “Constant Trading” MChJga tegishli Farg‘ona shahar, B.Marg‘iloniy ko‘chasi, 139-uy manzilida joylashgan xususiy mulki, ya’ni bino-inshootlari olib qo‘yilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mazkur qaror bilan yana boshqa tadbirkorlik sub’ektlarining mulklari ham olib qo‘yilgan.

“Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida xususiy mulkka tajovuz qilishga, qonunga xilof ravishda xususiy mulk huquqini cheklashga va (yoki) undan mahrum qilishga bevosita yoki bilvosita qaratilgan harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Bundan tashqari, Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda tegishlicha 1921 va 2411-moddalarida xususiy mulkdorlarning mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklaganlik va (yoki) undan mahrum qilish, xususiy mulkka tajovuz qilganlik uchun javobgarlik belgilangan.

Shunga qaramay, Farg‘ona shahar hokimi vakolat doirasidan chetga chiqib, tadbirkorlarni xususiy mulk huquqidan mahrum qilgan holda ularga tegishli yirik ob’ektlarni bir necha yillardan buyon bo‘sh turganligi hamda samarali foydalanilmayotganligi vaji bilan hokimlik zaxirasiga olgan.

Yuqorida qayd etilgan qonun buzilishi holatiga chek qo‘yish maqsadida Farg‘ona shahar hokimining qarorini bekor qilish bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan 2019 yil 30 noyabrda taqdimnoma kiritilib, uning ijrosi nazoratga olindi. Shu bilan birga, ushbu holat bo‘yicha javobgarlik masalasini hal etish uchun prokuratura organlariga tegishli materiallar tayyorlanmoqda.

Adliya vazirligi xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini chinakam himoyasini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy choralarini ko‘radi.

Adham TURDIEV, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i.

1 588
O‘zA