O‘zA O`zbek

06.08.2018 19:19 Chop etish versiyasi

“Muhimi, ushbu to‘lov tizimlaridan foydalanish mutlaqo bepul”

Bundan atigi 4-5 yil avval ham soliq idorasida STIR (soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami) olish uchun kichkina tuynuk ortida soatlab navbatga turishga to‘g‘ri kelar edi. Bugun esa, STIR olish uchun soliq idorasiga borishga hojat yo‘q. Internet tarmog‘i orqali soliq idorasining rasmiy saytiga kirib, tegishli anketani to‘ldirasiz va jo‘natasiz, bo‘ldi. Belgilangan vaqt oralig‘ida identifikatsiya raqami elektron pochtangizga keladi. Soliq idorasining elektron bazasida mavjud identifikatsiya raqamlarini aniqlash yoki chop etishga esa sanoqli daqiqalar kifoya qiladi. Albatta, bularning barchasi hayotimizga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib kelishi va yaratilayotgan qulayliklar samarasidir.

– Elektron davlat xizmatlari va elektron xizmatlar O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasining rasmiy veb-sayti, hududiy davlat soliq xizmati organlari va qo‘mita tasarrufidagi tashkilotlarning veb-saytlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, mobil ilovalar, mobil telefonlar, statsionar telefonlar va boshqalar orqali ko‘rsatilmoqda, – deydi Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Sirojiddin Eshmatov. – Shu bois, elektron tarzda davlat soliq organlari funksiyalarini bajarish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligi va tezkorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boshqarmamiz tomonidan elektron davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha so‘rovlarni puxta va sifatli qayta ishlash hamda foydalanuvchilarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi ustidan nazorat kuchaytirilgan. Bu esa, yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro hamkorlik darajasi oshishiga hamda turli xarajatlar qisqarishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq qo‘mitasining elektron davlat xizmatlari – my.soliq.uz portali orqali jismoniy va yuridik shaxslarga 35 turdagi elektron davlat xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Soliq to‘lovchilarning takliflari va ularni qiynayotgan masalalar inobatga olinib, ushbu xizmatlar takomillashtirilmoqda, yangilari joriy etilayotir.

Elektron davlat xizmatlaridan 15 tasi axborot davlat xizmatlari, 20 tasi interaktiv davlat xizmatlari tarkibiga kiradi. Portalda yuridik, jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetlari tashkil etilgan. Masalan, keyingi ikki yil davomida 10 ta yangi elektron xizmat turlari joriy etildi.

Darhaqiqat, fuqarolarning soliq idoralariga kelmasdan o‘zlariga kerakli ma’lumot va maslahatlarni onlayn tizimida qisqa muddatda olishi ham vaqt, ham mablag‘ tejalishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari uchun bunday qulayliklar yaxshi natija beradi.

Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida my.soliq.uz portaliga qashqadaryolik 100 mingdan ziyod foydalanuvchi tomonidan 20,7 milliondan ortiq murojaat bo‘lgan. 2018 yilda shaxsiy kabinetlar orqali tadbirkorlik subyektlari tomonidan 135,2 milliard so‘m va jismoniy shaxslar tomonidan 112,5 million so‘m soliq to‘lovlari elektron shaklda amalga oshirilgan.

Shunga monand o‘tgan davr mobaynida soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetidagi xizmatlarga jismoniy shaxslar tomonidan 454,1 ming marotaba, yuridik shaxslar tomonidan 242,2 ming marotaba, yakka tartibdagi tadbirkorlardan 1,9 ming marotaba murojaat bo‘lgan.

Davlat soliq boshqarmasining elektron xizmatlari qatorida korxona va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning mol-mulk va yer soliqlaridan bo‘lgan qarzdorliklari yoki joriy yil uchun hisoblangan mahalliy soliqlarini shaxsiy kabinet orqali onlayn to‘lash imkoniyati ham yaratilgan.

– Bunda egaligidagi mulki yoki yeridan soliq qarzdorligi bo‘lgan (jumladan, joriy soliqlari to‘lanmagan) xodimlar ro‘yxati avtomatik ravishda korxonalarning shaxsiy kabinetida aks etib turadi, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimi Zokir G‘oyibnazarov. – Ish beruvchi o‘z xodimining arizasiga muvofiq, mahalliy soliqlarini bitta tugmani bosish orqali byudjetga o‘tkazib berishi mumkin. To‘lovlar avtomatik ravishda xodimning shaxsiy kartochkasiga yoziladi hamda qarzdor xodimlarning reyestrlarini qog‘oz shaklida soliq idorasiga taqdim etishga ehtiyoj qolmaydi. Muhimi, ushbu to‘lov tizimla

ridan foydalanish mutlaqo bepul. Masalan, joriy yilning o‘tgan davrida 4 ming 217 yuridik tashkilot 8 ming 660 nafar xodimining 2 milliard 100 million so‘m mol-mulk va yer solig‘ini onlayn tarzda to‘lagan.

Xulosa shuki, interaktiv xizmatlardan keng foydalanish ham vaqtni, ham naqdni tejaydi. Bu esa, ish unumining ortishi va turmush farovonlashuviga xizmat qiladi.

O‘.Barotov, O‘zA
1 999