O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Muhim siyosiy jarayonga tobora oz muddat qolmoqda

Muhim siyosiy jarayonga tobora oz muddat qolmoqda

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tomonidan Jizzax viloyatida ham bir qator saylovoldi tadbirlar davom etayotir. 

Bu tadbirlarda aholining barcha qatlami qamrab olinishiga e’tibor qaratilmoqda. Ishtirokchilar partiya g‘oyalari bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olmoqda.

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi “ Oqsaroy” tantanalar majmuasida, “OʻzLiDeP bilan yuksak marralar sari” shiori ostidagi saylovoldi targ‘ibot tadbiri ana shunday uchrashuvlardan biri bo‘ldi.

Unda partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi, partiya viloyat kengashi yetakchilari, Oliy majlis Qonunchilik palatasi hamda viloyat, tuman kengashlari deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar, tumandagi taniqli tadbirkor va fermerlar, yoshlar ishtirok etdi. 

Tadbirda so‘z olganlar joriy yilgi saylovlar butunlay yangicha muhitda, yangicha huquqiy sharoitda o‘tishini aytib, bu siyosiy jarayonga O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidladilar. Partiyaning yangi Saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy g‘oya va vazifalar bilan ishtirokchilar yaqindan tanishtirildi. 

– O‘zbekiston muhim siyosiy jarayon – saylovlar arafasida turibdi, – deydi partiya Jizzax viloyati kengashi raisi Erkin Xolmatov. – “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida olib borilayotgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlaridan ko‘zlangan asosiy maqsadimiz, odamlarning bugungi o‘tayotgan kunlaridan roziligi va ertangi kunga ishonch bilan qarashlarini ta’minlash, partiyaning saylovoldi dasturida eng muhim soha va yo‘nalishlardagi vazifalar hamda ularni amalga oshirish yo‘llari aniq belgilangan. Bu vazifalarni amalga oshirish yo‘lida bor imkoniyatimiz bilan harakat qilamiz. 

Har qanday partiya oldida turgan bugungi vazifa – saylovlarda yutib chiqish. Bunga esa saylovchilarning eng ko‘p ovozini olish bilan erishiladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi ham saylovoldi targ‘ibotida eng hayotiy shiorlarni ko‘tarib chiqib, uni ko‘pchilikka ma’qullatib olishga harakat qilayotir. Harakatlar qanday natija berishi ma’lum bo‘ladigan kun tobora yaqinlashmoqda. 

581
T. BEKNAZAROV, O‘zA