Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

13.08.2018 12:15 Chop etish versiyasi

Muhammadaliga 500 million so‘m berildi, u mablag‘ni nimaga sarfladi?

Muhammadaliga 500 million so‘m berildi, u mablag‘ni nimaga sarfladi?

Namanganlik yosh tadbirkor Muhammadali Ma’rufxonov ustozi Zohidjon Abdullayevdan kosiblik sir-asrorlarini o‘rgandi. Yillar o‘tib ustozi 21 yoshli shogirdiga oq fotiha berdi, bolalar poyabzalini ishlab chiqarish bo‘yicha biznes loyiha tuzishda yordamlashdi.

photo_2018-08-08_09-02-32.jpg

Mazkur biznes loyihani O‘zbekiston yoshlar ittifoqi o‘rganib chiqdi, so‘ngra Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining viloyat bo‘limi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Yosh tadbirkorga 3 yil muddatga 13 foizli imtiyoz bilan 500 million so‘m kerdit ajratildi. Shu tariqa Namanganda yana bir yangi ishlab chiqarish subyekti – “Baby shoes” MCHJga asos solindi.

photo_2018-08-08_09-02-33 (2).jpg

Bu ezgu sa’y-harakat va rag‘bat Prezidentimizning joriy yil 27 iyundagi “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni asosida amalga oshdi.

photo_2018-08-08_09-02-33.jpg

– Imtiyozli kreditni olgach Namangan shahridagi qurilish kolleji balansida bo‘lgan, biroq foydalanilmayotgan binoni ijaraga olib, ish boshladik, – deydi Muhammadali. – Binoni qayta ta’mirladik. Endilikda bu yerda ishchilar uchun barcha sharoit mavjud. Oshxona, dam olish xonasi qurdik. Binodan “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturida belgilanganidek, nol balansda foydalanish taklifini kiritdik.

Yosh tadbirkor ajratilgan kredit mablag‘ining 350 million so‘miga zamonaviy uskunalar sotib oldi. Qolgan 150 million so‘mga xomashyo xarid qildi.

Poyabzallar 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan. Mahsulotni sifatli ishlab chiqarishda 12 chok mashina, presslovchi uskuna, lazer va 2 fen-pardozlash mashinasi, 7 turdagi pardozlash uskunasi qo‘l kelmoqda. Korxonada ish 2 smenada tashkil qilingan. Bir kunda 400 dan ortiq poyabzal ishlab chiqarilmoqda. 

“Baby shoes” MCHJ yiliga sakson ming juftdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Tadbirkor 2019 yildan boshlab bolalar sumkasini ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Bu yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish imkonini beradi.

Bugungi kunda korxonada 35 ishchi mehnat qilmoqda. Ularning 10 nafari usta kosiblar. Xodimlarning shashti baland, kayfiyati a’lo. 
– Yoshim o‘n sakkizda. Namangan dizayn qurilish kollejini tamomlab, faoliyatimni shu korxonada boshladim. Biz uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilgan, – deydi korxona modelyeri Bilolxon Ne’matxanov. – Oylik maoshim 1,5 million so‘mga yaqin. Eng muhimi sevgan kasbim bilan mashg‘ulman. Yangi ko‘rinishdagi bolalar oyoq kiyimlari modellari bilan ishlayapman.

Shu kunlarda mahsulotlarni Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘izistonga eksport qilish bo‘yicha yakuniy muzokaralar olib borilmoqda.

U. Ro‘zimatov, O‘zA
2 290