O‘zA O`zbek

16.08.2018 07:00 Chop etish versiyasi

Muhammad Xorazmshoh samani

Muhammad Xorazmshoh samani
"Qani endi bitta tulporim bo‘lsa, chodirim atrofida o‘tlab yursa..."

Xorazmshoh Sulton Alouddin Muhammad ibn Takish so‘nggi kunlarida ana shunday niyat qilgan edi. Umri egar ustida o‘tgan, qo‘l ostiga to‘rt yuz shaharni birlashtirgan buyuk tojdor kun kelib bir arg‘umoqqa zor bo‘lib qolganmikan deyishingiz tabiiy.

Aslida ham shunday bo‘lgan edi.

Muarrixlarning yozishicha, Chingizxonday ulkan raqibdan ikki barobar ustunlikka ega bo‘lgan, bitta amri bilan ming-ming suvoriyni jam qila olgan sarkarda qaltis va ayanchli xatosi sabab qisqa vaqtda bor-budidan, toju taxtidan ayriladi.Mo‘ru malahday yopirilib kelayotgan mo‘g‘ullar quvg‘inidan qochib, umrining poyonida hali u-hali bu qal’ada hukmdorlik qilib, alaloqibat Qulzum dengizidagi kichik bir oroldan qo‘nim topadi.

Tarix va taqdir bitigi ayanchli edi.

4cdfbb86ce587708cecfaad643041920.jpg

Shavkatli anushteginiylar sulolasining shonli o‘tmishi Kaspiy qa’riga cho‘kmoqda edi. O‘rta asr tarixchilari “Turon qoploni” deya e’tirof etgan Sulton Jaloliddin Manguberdini aytmasa, qudratli xorazmshohlardan totor kofirlariga bas kela oladigan dovyurakqo‘mondon yo‘q edi.Saltanat tizgini qo‘ldan ketib, barcha xatolari ko‘z oldidan o‘tayotgan kezlarda Sulton Alouddin Muhammad ko‘ngil kuyuklarining zaharbosdisiga bir arg‘umoq tilagan bo‘lsa ne ajab!

Mulozimlaridan Malik Tojiddin Hasan tilagini bajo keltiradi. Bir kun o‘tib yol-quyrug‘i qora saman ot tortiq qiladi. O‘sha kezlar sulton nechog‘lik va qay darajada xursand bo‘lganligi bizga noayon. Anglaganimiz shuki, qudrat shohsupasiga egar ustida ko‘tarilib borgan tojdor uchun ot kuch va g‘alaba ramzi bo‘lgan. Bepayoon Turon dashtlarini larzaga solib kishnayotgan arg‘umoqlar timsolida g‘alabali onlar shukuhini tuyugan bo‘lsa ajabmas. Balkim, otsiz qolgan kunlaridan mulzam bo‘lib, baxtiyor podshoh uchun bebaho arg‘umoq munosib deya o‘limi oldidan tulpor tilagandir...

emir-timur.jpg

Nima bo‘lganda ham Sulton Alouddin Muhammadning umri ana shunday intiho topadi. Melodiy 1220 yil Abeskun orolida mulozimi tortiq qilgan saman ot bilan vidolashib olamdan o‘tadi. Tarixchilarning yozishicha, saroyi otxonasida doimiy o‘ttiz mingdan oltmish minggacha jangchi arg‘umoq saqlagan, manaman degan noyob tulporlar egariga yarashib turgan sulton otsiz qolganidan o‘ksinadi.

O‘zbek yilqichiligi tarixini tadqiq qilayotib, Sulton Muhammad hayotining ana shu syujeti e’tiborimni tortdi. Negaki, sultonning o‘ksiklari negizida yana bir haqiqat bo‘y ko‘rsatib turardi. Ya’ni, yilqiga yaqin bo‘lgan, otni, ot ilmini puxta bilgan, qadrlagan sinchining nafasi sezilardi bunda...

1503421582_swtbmquhlzrzu3mk4vnwkblwlymlrjc4.jpg

Demakki, Xorazm yilqichiligi o‘tmishi anshuteginiylar davri va undan ham ilgariroqqa boradi degan gipoteza o‘zini oqlaydi.

PS: Material O‘zbekiston respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti doirasida tayyorlandi.

Anvar Suyunov,
O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti
federatsiyasi мatbuot kotibi

2 169