O‘zA O`zbek

08.08.2018 12:54 Chop etish versiyasi

Mudofaa vazirligida Tojikiston delegatsiyasi bilan uchrashuv

Mudofaa vazirligida Tojikiston delegatsiyasi bilan uchrashuv

7 avgust kuni O‘zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri general-polkovnik Sherali Mirzo boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Ularga Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiy hamrohlik qildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv davomida hozirgi kunda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi harbiy hamkorlikka oid masalalar muhokama qilindi, harbiy-texnika yo‘nalishidagi aloqalarni mustahkamlash borasida fikr almashildi.

O‘zbekiston mudofaa vaziri ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yuqori baholadi va joriy yilning mart oyida O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning naqadar muhim ekanligini ta’kidladi.

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga qilgan tashrifi tarix zarvaraqlariga muhrlandi va ushbu voqea ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning davomiy rivojlanishiga ijobiy turtki bo‘ldi, – deydi A.Azizov.

Shuningdek, O‘zbekiston mudofaa vaziri o‘z nutqida mamlakatlarimiz o‘rtasida mudofaa sohasi bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishning naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Tojikiston Respublikasi mudofaa vaziri iliq qabul uchun minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mintaqadagi eng kuchli va zamonaviy qurol-aslahalarga, O‘zbekiston armiyasining harbiy xizmatchilari jangovar o‘quv mashg‘ulotlari borasida yaxshi bazaga ega ekanligini ta’kidladi.

Bundan tashqari uchrashuvda shu yilning o‘zidayoq ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirishga va davlatlararo maqsadli rejalarni amalga oshirishga erishilgani haqida so‘z yuritildi.

Suhbat davomida Tojikiston mudofaa vaziri o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilarni murakkab sharoitda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etish va armiya jamoalari o‘rtasida sport hamda madaniy tadbirlarni o‘tkazish taklifini bildirdi.

Mehmonlar O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy ta’lim muassasalarida professional kadrlar, ayniqsa, Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida uchuvchilar tarkibini tayyorlash masalasini yuqori baholadi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat mudofaa idoralari rahbarlari o‘zaro 2018 yilgi harbiy hamkorlik rejasini imzoladi. Shundan so‘ng mehmonlar Mustaqillik maydonidagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Shuningdek, Tojikiston delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga ham tashrif buyurib, oliy harbiy ta’lim muassasasining faoliyati va maqsadi bilan tanishdi, qo‘mondonlik va shtab bo‘g‘inidagi harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishdagi zamonaviy yondashuvlarni e’tirof etdi.

Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi Chirchiqdagi harbiy poligonda ham bo‘lib, “Tank biatloni” bellashuvi bo‘yicha tashkil etilgan ko‘rgazmali mashg‘ulotni tomosha qildi.

Bugun Tojikiston Respublikasi harbiy delegatsiyasi Samarqand va Buxorodagi tarixiy va madaniy obidalar bilan tanishadi.

O‘zA
2 317