O‘zA O`zbek

14.08.2019 Chop etish versiyasi

Mudofaa vazirligida harbiy mobil innovatsion tibbiy markaz yaratildi

Mudofaa vazirligida harbiy mobil innovatsion tibbiy markaz yaratildi
Bugun, 14-avgust kuni Mudofaa vazirligida harbiy mobil innovatsion tibbiy markazning taqdimotiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtdi.

Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti OʻzAga maʼlum qildi.

Tadbirda Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya hamda Davlat xavfsizlik xizmati masʼul vakillari ishtirok etdi.

Zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan va jahon talablariga toʻliq javob beruvchi mazkur harbiy mobil innovatsion markazning afzalligi shundaki, unda bir vaqtning oʻzida ikki nafar ogʻir ahvoldagi bemorga tibbiy xizmat koʻrsatish, yana bir nafar bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazish imkoniyati mavjud. U har qanday iqlim sharoitida ishlashga moʻljallangan.

– Ushbu markazda barcha murakkab jarrohlik amaliyotlari, jumladan, konikotomiya, traxeostomiya, laprotsentez, tarakotsentez, yurak jarrohatlanganda jarohat olgan qon tomirlarini tikish yoki vaqtincha shunt qoʻyish bajariladi, – deydi Mudofaa vazirligi tibbiy taʼminot boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari polkovnik Abdugʻani Yoʻldoshev.

Mobil markazda jarrohlik amaliyoti oʻtkazilayotganida jarohatga infeksiya tushishining oldini olish maqsadida maxsus toʻsiq va ichkaridagi havoni tashqariga chiqaruvchi havo filtiri oʻrnatilgan. Shuningdek, bu yerda jarrohlik lampasi ustiga kamera joylashtirilgan boʻlib, bu orqali joylardagi harbiy gospitallarning tajribali mutaxassislari jarayonni bevosita onlayn tarzda kuzatishlari, zarur holda oʻz tavsiya va maslahatlarini berishlari mumkin.

975
OʻzA