O‘zA O`zbek

07.06.2018 17:28 Chop etish versiyasi

Muddatidan avval talaba bo‘ldi

2 (1).jpgNukus madaniyat va san’at kolleji bitiruvchisi Shahzod Genjegulov O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi sifatida muddatidan avval talabalik baxtiga muyassar bo‘ldi.

– O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan beriladigan mazkur tavsiyanomamamlakatimizning har hududidan bir nafar yoshga taqdim etilishi belgilangan, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Kengashi matbuot xizmati xodimi Furqat Yusupov. – Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu tavsiyanomaga Shahzod Genjegulov sazovor bo‘ldi.

Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotidagi yo‘nalish yetakchisi sifatida ko‘rsatgan faol xizmatlari uchun beriladigan ushbu tavsiyanoma O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zolariga oliy ta’lim muassasalariga kirishda imtiyozlar berish to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom asosida mamlakatimizdan 14 nafar faol yoshlarga taqdim etiladi.

Nizomga ko‘ra, tavsiyanomani qo‘lga kiritgan yoshlar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi qaroriga muvofiq, doimiy yashash joyidagi oliy ta’lim muassasalarining pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari, test sinovlarisiz va kasbiy (ijodiy) imtihonlarsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.

Tanlovda nomzodning Yoshlar ittifoqi tizimida erishgan yutuqlari, tizim rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, tabiiy yetakchilik qobiliyati va fidoyiligiga alohida e’tibor qaratilishi belgilangan.

– Mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilgan imtiyozga ega bo‘lganimdan behad xursandman, – deydi Sh.Genjegulov. – Bizga o‘z iste’dod va salohiyatimizni yuzaga chiqarish uchun bunday imkoniyatlar yaratib berayotgan Prezidentimizdan minnatdormiz.

Sh.Genjegulov bir qator yutuqlarni qo‘lga kiritgan. U 2016 yilda o‘quv va jamoat ishlarida faol ishtiroki uchun Nukus shahar hokimligi tomonidan “Eng namunali o‘quvchi”, deb topilgan. 2017 yilda “Yuksak ma’naviyatli avlod” festivalining Nukus shahar bosqichida faxriy yorliq bilan taqdirlangan.

Yesimxon Qanoatov, O‘zA
4 066