O‘zA O`zbek

21.10.2019 Chop etish versiyasi

Muddati o‘tgan qarzdorlik to‘liq undirilmoqda

Muddati o‘tgan qarzdorlik to‘liq undirilmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Navoiy viloyati boshqarmasi tomonidan fuqarolarning to‘lov intizomini yanada yaxshilash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslarning elektr energiyasi va tabiiy gazdan muddati o‘tgan qarzdorliklari doimiy undirib kelinmoqda. 

Jumladan, “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati bilan “Yuggazstroy” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida xo‘jalik aloqalari asosida ulgurji iste’molchilariga elektr energiyasi berish va qabul qilish yuzasidan 2018 yil 31 dekabrigacha shartnoma tuzilgan. Ammo mazkur shartnomaga asosan hisob-kitob qilish sharti ko‘rsatilgan bo‘lsada, 2019 yil 1 mart oyi holatiga iste’mol qilingan elektr energiya to‘lovlarini amalga oshirmagan. 

Oqibatda “Yuggazstroy” aksiyadorlik jamiyatining elektr energiyasi iste’molidan 23 million so‘m muddati o‘tgan qarzdorligi vujudga keladi. 

Byuroning Zarafshon shahar bo‘limi tomonidan Xorazm viloyati Urganch tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilindi. Natijada Urganch tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yilning 12 apreldagi hal qiluv qaroriga asosan “Yuggazstroy” aksiyadorlik jamiyatidan “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati foydasiga 23 million so‘m muddati o‘tgan qarz to‘liq undirildi.

Majburiy ijro byurosi Nurota tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ham Nurota tumani “Jarma” mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Bobur Mansur” fermer xo‘jaligi tomonidan energiya resurslaridan foydalanishda qonun talablariga rioya qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishda, fermer xo‘jaligi raisi Xolboy Mansurov elektr simlarni ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan yashirin yo‘l bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulab olgani ma’lum bo‘ldi. Fermer elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelishi oqibatida jami 68558 kVt/s elektr energiyasini noqonuniy sarflab, davlat manfaatlariga qariyb 11 million 360 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan. 

Fermer xo‘jaligi tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan muddat ichida to‘liq qoplanib, fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan tegishli tartibda qonuniy jazo chorasi qo‘llanildi. 

554
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA