O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

Muborakda ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi

Muborakda ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi

Aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash eng dolzarb muammolardan biridir. Keyingi yillarda butun Respublikamizda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi.

Xususan, Qashqadaryo viloyatida ham oxirgi 4 yil davomida ichimlik suvi taʼminotida ijobiy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2016-2019-yillarda viloyatda 500 kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmogʻi, 150 dan ortiq artezian quduqlar qurilib, mavjudlari rekonstruksiya qilindi.

Shunga qaramasdan ayrim hududlarda xususan Muborak tumanida ichimlik suvi taʼminoti ancha past koʻrsatkichda qolayotgan edi.

Statistika maʼlumotlariga koʻra, 2020-yil 1-yanvar holatida Muborak tumanida 87,5 ming nafar aholi mavjud. 54,1 foiz aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlangan.

Aholining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida Davlatimiz rahbarining 2017-yil 20-apreldagi “2017-2021-yillarda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yer osti suv konidan suv olish quvuriga yaqin boʻlgan qishloq aholi punktlarining suv taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasi kiritilib, ushbu loyihani Saudiya rivojlantirish va xalqaro OPEK jamgʻarmalari hisobidan amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

– Ushbu loyiha qiymati 50,95 million AQSH dollari boʻlib, amalga oshirish davri 5 yil yaʼni 2019-2023-yillar davomida amalga oshirish belgilangan, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi “Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish” vazirligi huzuridagi “Kommunxizmat” agentligi AMG Qashqadaryo viloyatida loyihalarni monitoring va baholash boʻyicha hududiy koordinatori Ulugʻbek Murodov. – Ushbu loyihani amalga oshirish uchun 2020-yilda OPEK Xalqaro Taraqqiyot Jamgʻarmasining qarz mablagʻlari hisobidan yaʼni loyiha doirasida Oʻzbekiston Respublikasi va “Kommunxizmat” Agentligi, Qashqadaryo viloyati hokimligi, “Qashqadaryo suv taʼminoti” MCHJ qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim tomonlar oʻrtasida imzolandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2020-yilda loyihani amalga oshirish choralarini koʻrish vazifasi yuklatildi. Mazkur qaror talablaridan kelib chiqib olingan xulosalar asosida “Oʻzbekkommunalloyihaqurilish” DUK loyihaning texnik-iqtisodiy asos (TEO)larini ishlab chiqib, tegishli vazirlik va idoralardan ijobiy xulosalar olindi.

Taʼkidlash lozimki, texnik-iqtisodiy asos (TEO) asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-maydagi “Koson va Muborak tumanlari markazlari hamda Kitob-Shahrisabz yerosti suv konidan suv olish quvuriga yaqin boʻlgan qishloq aholi punktlarining suv taʼminoti tizimini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ishlab chiqilgan texnik-iqtisodiy asos(TEO)larga asosan dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, tumanda quyidagi qurilish tiklash ishlari amalga oshirilishi nazarda tutilgan: tumandagi “3-nchi” va “Quruvchilar” suv toʻplash va uzatish inshootlari, 49,2 kilometr ichimlik suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi hamda 28,6 kilometr yangi tarmoqlar quriladi.

Mazkur loyiha amalga oshishi natijasida Muborak tumanida 40 ming nafardan ziyod aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi va taʼminlanish darajasi xos ravishda 64 va 75 foizga yetkaziladi.

1 910
Oʻ.BAROTOV, OʻzA