Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.05.2018 12:03 Chop etish versiyasi

Muborak oy

Muborak oy
Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimga Ramazon oyida o‘zga ummatlarga berilmagan beshta hislat berildi...

Jonajon diyorimizga Saodat asridan buyon musulmonlar alohida ahamiyat bilan kutib oladigan, muqaddas dinimiz arkonlaridan biri ado etiladigan muqaddas Ramazon oyi kirib keldi. Xalqimiz bu muborak oyda xayrli amallarni ko‘paytirishga, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik, o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga intiladi. Dorulomon yurtda tinchlik xotirjamlikda ro‘za tutish baxtiga musharraf qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!

Istiqlol yillarida milliy-diniy qadriyatlarimiz tiklanib, Ramazon, Qurbon hayitlarini nishonlash, fazilatli kunlar sharofatidan bahramand bo‘lishga keng yo‘l ochildi. Xalqimizning asriy orzulari ro‘yobga chiqib, muborak Haj va Umra ziyoratlariga borish imkoniyati yaratildi. Diniy marosimlarimiz va milliy urf-odatlarimizni emin-erkin ado etish baxtiga musharraf bo‘lganimiz va boshqa ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirildiki, buning uchun har qancha shukronalar aytsak arziydi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muborak oy haqida “U sabr oyidir, sabrning savobi esa jannatdir. U ko‘ngil ovlash oyidir. U mo‘minning rizqi ziyoda qilinadigan oydir”, deganlar.

Ro‘za bandani dunyoda gunohlardan to‘sib turadigan qo‘rg‘on bo‘lsa, oxiratda do‘zaxdan to‘sib turadigan qo‘rg‘on bo‘ladi. Agar yeyish ichishni tark qilsa-gu boshqa harom ishlarni tark qilmasak qilayotgan amallarimiz qabul etilmasligiga va jazolanishmizga loyiq bo‘lib qolamiz.

Mana bu misolni eshitganimga 3-4 yil bo‘ldi.

Ishga marshrut taksida kelaman. Yo‘lovchilarning aksariyati ayollar. Ular hamma narsani bilishadi. Har kuni nafaqat ularning uyida, mahallasida, balki shahrimizda va dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalardan aynan shu marshrut taksida boxabar bo‘laman. Bir kuni ayollardan biri quda chaqiriqqa (kelinni otasinikigami yoki kuyovni uyigami, bilolmay qoldim) borganini og‘iz ko‘pirtirib maqtay boshladi.

Iftorlikda og‘izlarni qaymoq bilan ochishibdi, undan keyin yevropacha va milliy salatlar tortilibdi. So‘ng somsalar (avvallari bitta somsa tortilsa, endi ikkita — o‘zbekcha va turkcha somsa) berilibdi. Suyuq-quyuq ovqatlar orasida norin va kabob tanovul qilinibdi. O‘zbeklar odatiga ko‘ra, oshdan keyin fotiha qilinib, ketishga ruxsat berilishi kerak edi. Ammo qudalar zamonaviy ekan, shu sabab oshdan keyin desert sifatida muzqaymoq tarqatilibdi.

Eng qizig‘i, dasturxonda ovqat hazm qiluvchi “mezim” borligi mehmonlarning dardiga darmon bo‘libdi. Vo ajabo, to‘ydan keyin “kelin salom”ga qolgan xotin-xalajga “mezim” berilgani haqida quloqqa chalingandek bo‘lgan edi, endi iftorlikda ham bu dori dasturxon ko‘rkiga aylanibdi-da. Yashavor o‘zbek, deging keladi. Axir bu manmanlik, isrofgarchilik emasmi?! Yaxshiyam, o‘z vaqtida kafe va restoranlarda berilayotgan iftorliklarga chek qo‘yilgan edi. Bo‘lmasa manmanlik avjiga chiqarmidi? Chunki mana shu kabi tadbirlarga ro‘zadorlar emas, ro‘za tutmaganlar ham tashrif buyurishi sir emasku.

Ramazon oyi boshlanishi bilan ro‘zaning hurmati deb, ro‘zadorlarga hurmat ko‘rsatila boshlanadi va dasturxon noz-ne’matlarga to‘ladi. Axir nafsni tiyish o‘rniga ovqatga haddan ziyod kirishib ketmayapmizmi? Oddiy arifmetika bo‘yicha misol keltiramiz. Masalan, deylik, ro‘zadan avval odatga ko‘ra ertalab bir kosa, peshinda bir kosa, kechqurun bir kosa ovqat yeyilsa, ro‘za boshlanishi bilan saharlikda “ro‘za og‘izman, quvvat bo‘ladi”, deb ikki kosa ovqat yeymiz. Kechqurun esa “ro‘zaman, holdan toydim” deya yana ikki kosa ovqatni paqqos tushiramiz. Ya’ni, bir kunlik yegan ovqatimiz to‘rt kosa bo‘ladi. Uch kosaga o‘rgangan oshqozonimiz to‘rt kosani ko‘tara olarmikan? Mana shu narsalarni har yili Ramazon oyi arafasida aholiga tushuntirishimiz kerakka o‘xshaydi.

Ramazon gunohlardan, yomon xulqlardan poklanish oyidir, nafsni tarbiyalash, sayqallash mavsumidir. Ramazon oyini munosib kutib olib, go‘zal tarzda o‘tkazish uchun, undan unumli foydalanib qolish uchun, avvalo, unga ruhiy va ma’naviy jihatdan munosib tayyorgarlik ko‘rish lozim.

Abu Hurayradan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ummatimga Ramazon oyida o‘zga ummatlarga berilmagan beshta hislat berildi:

Ro‘zadorning og‘zida paydo bo‘ladigan noxush hid Alloh taolo nazdida mushk-anbar hididan ham xushbo‘yroqdir;

Iftor vaqtigacha ro‘zadorlarga daryodagi baliqlar ham istig‘for aytib duo qilishadi;

Alloh taolo har kuni jannatini ziynatlaydi, so‘ngra unga: “Mening solih bandalarimning dunyo mashaqqatlarini ortga tashlab huzuringga kelishlari yaqindir”, deydi;

Bu oyda isyonkor shaytonlar kishanlanadi, shu sababdan ular boshqa oylardagi kabi yomonliklar qila olishmaydi;

Ramazon oyining oxirgi kechasi ro‘zadorlarning gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar.

Ramazon oyi – Qur’on nozil bo‘lgan oyligini, u oylar sultoni ekanligini, U rahmat, mag‘firat va do‘zaxdan ozod bo‘lish oyiligini, Unda ming oyga teng kecha borligini, Unda har bir yaxshi amalning ajri bir necha barobarga ko‘paytirib berilishini aslo unutishimiz kerak emas.

Ramazon oyida inson ham ma’nan, ham jismonan poklikka erishadi, ruhan yuksaladi. Shu bois ushbu qutlug‘ va barakotli oyda har birimiz ezgu niyatlar qilaylik, Yaratgandan yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, farovonlik bardavom bo‘lishini tilaylik. Ramazon oyini tinchlik, osoyishtalik va xursandchilikda o‘tkazish hammamizga nasib etsin.

Barcha musulmonlarga Qur’on, taqvo, shafqat, barokat, rahmat, mag‘firat, Allohga qurbat hosil qilish, jannatga erishish va do‘zaxdan ozod bo‘lish oyi muborak bo‘lsin.

Mabodo aqlimiz yetmagan narsa yuzasidan fikr yuritgan bo‘lsak, uzr so‘raymiz.

Sharofiddin To‘laganov

O'zA
1 856