Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 18:02 Chop etish versiyasi

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning dastlabki guruhi haj safariga jo‘nab ketdi

O‘zbekistonlik ziyoratchilarning 459 nafardan iborat dastlabki ikkita guruhi 7-avgust kuni Toshkent va Namangan shaharlaridan Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketdi. Shu munosabat bilan ziyoratchilarni tantanali kuzatish marosimlari bo‘lib o‘tdi.

Istiqlol sharofati bilan milliy urf-odatlarimizni tiklash, muqaddas dinimizni, aziz-avliyolarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, tabarruk qadamjolarini obodonlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz tomonidan yurtdoshlarimizning islom dinining ulug‘ arkonlari, jumladan, haj va umra amallarini emin-erkin, qanoat va shukronalik bilan ado etishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilgi haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilar 7 ming 350 nafar qilib belgilandi. Shu paytga qadar har yili 5 ming yurtdoshimiz haj safariga va 6 mingi umra ziyoratlariga borganini inobatga olsak, o‘zbekistonliklarning diniy ibodatlarni amalga oshirishi uchun yaratilayotgan qulayliklar bugungi rivojlanish talablariga hamohang takomillashtirib borilayotganidan dalolatdir.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishguncha, ya’ni 1943-1991-yillarda bor-yo‘g‘i 140 nafarga yaqin yurtdoshimiz muborak haj safariga borish baxtiga musharraf bo‘lgan.

2018-yildan boshlab yiliga 10 ming vatandoshimiz umra amallarini bajarish imkoniga ega bo‘ladi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy yilda 150 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va ularga hamrohlik qiluvchi fuqarolar imtiyozli ravishda haj ziyoratiga yuborilmoqda.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy U.Alimov va boshqalar mamlakatimizda milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, jumladan, haj mavsumida joriy etilayotgan qulayliklar yurtdoshlarimizning ko‘nglini ko‘tarib, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik va bag‘rikenglik muhitiga shukronalik keltirishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Haj mavsumini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rildi. Ziyoratchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish, ularning salomatligini muhofaza qilish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Haj va umra amallarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi tomonidan yurtdoshlarimizga xizmat ko‘rsatish ishlari muvofiqlashtirib borilayotir.

Haj ibodatlarini to‘la-to‘kis ado etish, bu boradagi tartib-qoidalar, shuningdek, safar talablari xususida tushuntirish berish maqsadida joylarda ziyoratchilar guruhlari uchun safaroldi uchrashuvlari tashkil etildi.

Ziyoratchilarga qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 7-23-avgust kunlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi tomonidan Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Namangan va Urganch shaharlaridan Madina shahriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlar yo‘lga qo‘yildi.

Vatandoshlarimiz Madina shahridagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganidan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladi. Ziyoratchilar uchun mavsum davomida mehmonxona, oshxona va transport xizmatlari yuqori saviyada tashkil etiladi.

Matnazar Elmurodov, O‘zA
2 769






Все о погоде - Pogoda.uz