O‘zA O`zbek

22.08.2018 18:23 Chop etish versiyasi

Muassasaga 160 badiiy kitob va o‘quv qurollari sovg‘a qilindi

Qurbon hayiti munosabati bilan Jizzax shahridagi 29-Mehribonlik uyida tarbiyalanayotgan 98 nafar bola uchun bayram tantanasi tashkil etildi. Muassasaga 160 badiiy kitob va o‘quv qurollari sovg‘a qilindi.

Chegara qo‘shinlari harbiy qismlaridan birining tashabbusi bilan tashkil etilgan bayram tadbirida harbiylar tomonidan namoyish etilgan qo‘l jangi, jangovar mashqlarni bolalar katta qiziqish bilan tomosha qildi. Askarlar bilan harbiylar hayoti haqidagi muloqotlar, ayniqsa, ko‘ngilli kechdi.

Tadbirda bolalar badiiy havaskorlik jamoasining konserti ishtirokchilarga xush kayfiyat bag‘ishladi.

– Qurbon hayiti munosabati bilan tashkil etilgan tadbir bolalarimizda milliy, diniy qadriyatlarimiz shakllanishi, yaxshilik, mehr-muruvvat, saxovat, Vatanga muhabbat kabi ezgu tuyg‘ularini o‘stirishga xizmat qiladi, – deydi muassasa rahbari Norqul Tog‘ayev. – Davlatimizning g‘amxo‘rligi bilan hech narsaga zoriqmay ulg‘ayayotgan bolalar ana shunday muruvvat, ma’rifat tadbirlarida xalqimizning, jamoatchilikning e’tiboridan chetda emasliklarini yanada chuqurroq his etishadi.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
1 789