Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.04.2018 10:50 Chop etish versiyasi

Muammoni hal qilishning samarali mexanizmi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi “Ertepa” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Nazira Qosimovaning 2017 yildan buyon issiqxona uchun kredit olishni so‘rab qilgan murojaati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarshi tumanidagi Xalq qabulxonasi aralashuvi bilan o‘z yechimini topdi.

Tadbirkorga imtiyozli bank krediti ajratildi. Ushbu mablag‘ evaziga N.Qosimova hovlisidagi 8 sotix yerda zamonaviy issiqxona tashkil etdi va hozir bu yerda bodring baravj o‘smoqda.

– Kredit so‘rab, bankka qilgan bir necha murojaatim e’tiborsiz qoldirilavergach, Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim, – deydi N.Qosimova. – Ajratilgan mablag‘ evaziga o‘zimizning hovlida 3 sotixli, o‘g‘illarimning hovlisida 5 sotixli issiqxona qurdik. Bundan tashqari, ming dona jo‘ja oldik. Xullas, ishlarimiz yurishib ketdi. Shuningdek, issiqxonada qopga solingan unumdor tuproqda kartoshka yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ydik. Agar loyihamiz o‘zini oqlasa, keyingi yillarda yanada ko‘proq ekishni niyat qilganmiz.

Xalq qabulxonasiga tumandagi “Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini Mustaqillik ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolardan tabiiy gaz yo‘qligi yuzasidan murojaat kelib tushdi. Mazkur muammo ham mutasaddilar tomonidan qisqa vaqt ichida o‘rganilib, ijobiy hal etildi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarshi tumani Xalq qabulxonasi tomonidan o‘tgan yili jami 1 ming 260 murojaat ko‘rib chiqilgan. Ularning 185 tasi joyida hal qilingan bo‘lsa, 942 tasi tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olingan. 133 tasi yuqori tashkilotlarga yuborilgan. Joriy yilning o‘tgan davrida esa 220 murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 160 tasi qanoatlantirilgan, 25 tasiga tushuntirish berilgan. Qolgan 37 murojaat o‘rganish jarayonida.

O‘lmas Barotov, O‘zA
3 641