O‘zA O`zbek

29.08.2018 16:57 Chop etish versiyasi

Muammolarni bartaraf etish yoʻllari muhokamada

Muammolarni bartaraf etish yoʻllari muhokamada
Poytaxtimizda Oliy Majlis Senati Kengashi va xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Unda Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari N.Umarov, Uchtepa tumani hokimi Sh.Atamuxamedov, senatorlar, deputatlar, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Majlisda hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat va aholini qiynab kelayotgan muammolarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhining axboroti tinglandi. Shuningdek, masʼul vazirlik va idoralar, tuman hokimligi rahbarlarining belgilangan vazifalarni ijro etish chora-tadbirlari haqidagi maʼlumotlari muhokama qilindi. 4 ta sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidan tumanning 60 mahallasida aholi muammolari oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unda bandlikni taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini yaratish, sogʻliqni saqlash, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish, obodonlashtirish hamda yoʻllarni taʼmirlash, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish kabi sohalar kiritilgan.

Tadbirda joriy yilda hududdagi koʻp qavatli uy-joylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha olib borilgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Unga koʻra, hududdagi koʻp qavatli uylarning tomlarini taʼmirlash ishlari 25 foizga, yoʻlaklarni taʼmirlash 47 foizga bajarilgan. Bugungi kunda tumandagi 23 mahalladagi 650 uy-joylarga 182 shirkat xizmat koʻrsatmoqda. Biroq shunday boʻlsa-da, soha xodimlarining oʻrganishlari davomida Bogʻiston, Hamdoʻst, Diyorobod, Zulfizar va Birlik kabi mahallalarda avariya holatidagi koʻp qavatli uylar haligacha eʼtibordan chetda qolayotgani, ushbu muammoga tez fursatda chora koʻrish lozimligi yuzasidan zarur topshiriqlar berildi.

2018-2019-yillarda Uchtepa tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga 59 sanoat va 71 xizmat koʻrsatish sohasiga oid korxonalar kiritilgan. Dasturning umumiy qiymati 145 milliard 838 million soʻm boʻlib, 1 ming 114 yangi ish oʻrni yaratilishi rejlashtirilgan. Bugunga kelib 45 milliard soʻmlik 61 loyiha ishga tushirilgan boʻlib, 571 yangi ish oʻrni yaratildi.

Majlisda mahalla raislariga ham hududida befarq boʻlmay, ijtimoiy ahvolni yanada yaxshilash, aholiga qulay sharoit yaratish borasida zarur vazifalar berildi. Joylarda toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar tartibli oʻtkazilishini taʼminlash lozimligi qayd etildi. Shuningdek, tumanni kompleks rivojlantirish, aholini tashvishga solayotgan muammo hamda kamchiliklarni bartaraf etish ijrosini parlament, deputatlar va jamoatchilik tomonidan nazorat qilishni taʼminlash choralari toʻgʻrisida qoʻshma qaror qabul qilindi.

A.Musayev, OʻzA
2 424