Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.09.2017 14:55 Chop etish versiyasi

Muammolar yechimi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda

Muammolar yechimi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilmoqda Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq joylarda tashkil etilgan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatidan aholi mamnun.

Farg‘ona viloyatida ham hududlar hokim, prokuror, ichki ishlar va soliq idoralari rahbarlari boshligida to‘rt sektorga bo‘linib, ular tomonidan ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Viloyat bo‘yicha har bir sektor rahbari boshchiligida 80 ishchi guruhi tuzilib, unga davlat boshqaruvi idoralari, kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillaridan iborat 2 ming 240 nafar xodim jalb etilgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yangicha yondashuv asosida qayta ko‘rib chiqilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tuman va shaharlarda aniqlangan, viloyat darajasida hal etiladigan muammolar yechimi hamda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilayotir.

So‘x tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida o‘tgan davrda 49 loyiha amalga oshirildi. Sanoat yo‘nalishida 11, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 25 loyiha ishga tushirilib, 300 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida barcha mahallalarda ochiq muloqot va sayyor qabullar tashkil etilib, muammolarga ijobiy yechim topilmoqda.

Tuman kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha to‘rt sektorga bo‘linib, ularga tuman hokimi, prokurori, ichki ishlar bo‘limi va davlat soliq inspeksiyasi boshliqlari rahbar etib biriktirilgan.

Tuman hokimi Tavakkal Rahimov rahbarlik qilayotgan sektorga "Sohibkor", "Tul", "Qal’acha", "G‘aznov", "Devayron", "Lenburg" mahalla fuqarolar yig‘ini kiritilgan. Ushbu hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, har bir xonadonga kirib, fuqarolar bilan muloqot qilish, muammolarini o‘rganish, turmush darajasini yaxshilash va ijtimoiy himoya qilish, manzilli dasturlar ijrosini nazorat qilish bo‘yicha tegishli ishchi guruhlari tashkil etilgan. Har kuni tuman hokimi 25-30 oilaga kirib, ularning yashash tarzi va muammolarini o‘rganmoqda. Mahallalardagi qator muammolarga amaliy yechim topilmoqda.

– Tuman hokimi rahbarligidagi sektorning ishchi guruhi shtabi agrosanoat kasb-hunar kolleji binosida joylashgan, – deydi "Sohibkor" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ergashali To‘rayev. – O‘tgan vaqtda tegishli davlat tashkilotlari tomonidan uning faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, vazifalar aniqligini ta’minlashga qaratilgan bir necha seminar-yig‘ilishlar o‘tkazildi. Tadbirlarda mahallamiz kesimida yechimini kutayotgan muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari, aholi murojaatlari ham atroflicha o‘rganildi. Ular asosida eski "yo‘l xaritasi" qayta tuzilib, vazifalarning ijro muddati va mas’ullar ro‘yxati shakllantirilmoqda. Ayni paytda ishchi guruhimiz bilan xaritani yanada takomillashtirish, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan manzilli ishlar olib borilmoqda.

Sektorda aholini ijtimoiy himoya qilish, kam ta’minlangan, muhtoj fuqarolarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, o‘tgan vaqt mobaynida ishchi guruhi sa’y-harakati bilan homiylar jalb etilib, Sohibkor mahallasida istiqomat qiluvchi 10 kam ta’minlangan oilaga pul va dori vositalari ko‘rinishidagi moddiy yordam ajratildi. Ularning farzandlariga maktab formalari tuhfa qilindi. Bundan tashqari, mahalla faollari va saxovatpesha fuqarolar hamkorligida mahalladagi 15 kam ta’minlangan oila hamda 8 nafar nogiron fuqaro holidan doimiy xabar olinib, zarur yordam ko‘rsatilmoqda.

Tuman prokurori Jahongir Fozilov o‘z hududida har kuni tadbir va uchrashuvlar tashkil etib, “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratmoqda. Saribozorcha mahallasidagi Sebzor ko‘chasiga ichimlik suvi tortildi. 400 metr ichki yo‘lga shag‘al yotqizildi. Shu kungacha mahallalarda aniqlangan 24 masala ijobiy hal etildi. Hududda huquqbuzarliklarning oldini olish, ijtimoiy vaziyat barqarorligini mustahkamlash choralari ko‘rildi. Mahalla faollari va profilaktika inspektori hamkorligida aholi o‘rtasida keng tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. O‘rganishlar vaqtida qilingan murojaatlarning asosiy qismi, jumladan, ichimlik suvi muammosi, yo‘llarning ta’mirtalabligi va moddiy yordam berish masalalari ijobiy hal etilayotir.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Bahrom Rahmonqulov ham o‘ziga biriktirilgan Hushyor, Sebzor, Qaqir, Sharqobod, Qizilqiyoq mahallalaridagi dasturlar ijrosini qat’iy nazoratga olgan. Keyingi yillarda ushbu mahallalarda tomorqachilik madaniyati rivojlanib, aholining daromadi yaxshilanmoqda. Xonadonlarda bo‘sh turgan yerni uchratmaysiz. Kartoshka, sabzi, piyoz, pomidor, qo‘yingki, barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davr mobaynida hududda chegarani buzish holati bilan bog‘liq 3 jinoyat qayd etilgan. Ayni kunlarda sektor rahbari tomonidan bu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq tadbirlar belgilab olingan.

Zangat qishlog‘i yoshlari joriy o‘quv yilini yangi umumta’lim maktabida boshladi. Bu yerda 140 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurib foydalanishga topshirildi. Mazkur maktab joylashgan hududga tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i rahbarlik qilmoqda.

– Hayotbaxsh islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlashda sektorlar faoliyati juda yaxshi samara bermoqda, – deydi tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Farid To‘raboyev. – Aholi bilan bo‘layotgan bevosita muloqotlarda aynan ma’lum bir hududga xos tadbirkorlikni rivojlantirish, soliq imtiyozlarini joriy etish yoki amaldagi turli yig‘im va to‘lovlarni hudud imkoniyati, sharoitidan kelib chiqib o‘zgartirish bo‘yicha xulosalar jamlanmoqda. Hech bir murojaat e’tibordan chetda qolmaydi va qonun doirasida hal etish uchun viloyat, respublika miqyosidagi idoralarga taqdim etiladi.

Sektorlar rahbarlari o‘zlariga biriktirilgan hududda yashayotgani, aholi bilan hamnafas bo‘lish, mushtarak maqsadlar yo‘lida hamjihatlikda ish yuritish ezgu tashabbuslarni to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, “yo‘l xaritasi” ijrosini ta’minlash hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga, pirovardida el-yurt taraqqiyoti va farovonligiga xizmat qilmoqda.

Mas’udjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
478






Все о погоде - Pogoda.uz