Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

19.09.2017 13:01 Chop etish versiyasi

Muammolar xonadonma-xonadon yurib o‘rganilmoqda

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hududlarda ijtimoiy, iqtisodiy muammmolarni kompleks hal etish, ayniqsa qishloq joylarda aholiga munosib turmush sharoiti yaratilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Buni Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida olib borilayotgan ishlar misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Tuman hokimining qarori bilan tasdiqlangan sektor rahbarlari va jamoatchilik nazorat guruhlari tomonidan hududda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, ma’naviy muhitni yanada yaxshilash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan.

– Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarildi, – deydi To‘g‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘.Murodxo‘jayev. – Bu sa’y-harakatlar zamirida fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, aholining turmush farovonligini yuksaltirish, bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilishdek olijanob maqsadlar mujassam. Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Tumanimizda ham mazkur ushbu qaror ijrosi bo‘yicha tizimli faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumki, qishloqlarda muammolarning asosiy qismi kommunal xizmatlar va infratuzilma bilan bog‘liq Shundan kelib chiqib, sektor rahbarlarining oldiga uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, elektr, gaz, suv va issiqlik ta’minoti, transport, arzon uy-joylar qurish, obodonlashtirish va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni belgilash alohida vazifa qilib qo‘yilgan.

Hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirishda ularning tabiiy va iqtisodiy salohiyatidan, qurilishi tugallanmagan obyektlardan, bo‘sh turgan ishlab chiqarish va yer maydonlaridan oqilona foydalanish, mahalliy byudjetlarning daromad qismi va hududning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda zamonaviy bozor infratuzilmasini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda yangi ish o‘rinlari yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Manzilli ijtimoiy muhofaza, iste’mol bozorida narx-navo barqarorligi, ta’lim va tibbiyot muassasalarining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash, tomorqadan unumli foydalanish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish chora-tadbirlari belgilanayotir.

Hududlarda mahallalarga biriktirilgan ishchi guruhlar tomonidan uyma-uy yurilib, ishlarning asl holatini o‘rganish, muammo va kamchiliklarni, birinchi navbatda, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish choralari ko‘rilmoqda.

Tuman prokurori rahbarligidagi 2-sektorda Bekobod mahallasidagi bo‘sh turgan sobiq 55-umumta’lim maktabi binosi “Dilrabo SDA” ko‘p tarmoqli hususiy firmasiga “nol” qiymatda berilishida amaliy yordam ko‘rsatilgani natijasida bu yerda tikuvchilik sexi tashkil qilindi. Mustaqllik bayrami arafasida ishga tushirilgan ushbu korxonada 250 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.

Yana shu sektor hududidagi Istiqlol mahallasining yaroqsiz holatdagi 600 metrdan ziyod ichki yo‘lini ta’mirlash bo‘yicha tuman yo‘l jamg‘armasi bilan shartnoma tuzilgani, Birlashgan mahallasida 45 million so‘m davlat byudjeti hamda 50 million so‘m homiylik mablag‘lari hisobidan mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirilgani, Bekobod va Turkiston mahallalarida 300 dan ziyod xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlangani kabi ko‘p yillik muammolar qisqa vaqtda barham topganidan aholi mamnun.

Tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i rahbarligidagi 3-sektorda joylashgan Kumidon mahallasida uzunligi 12 metr bo‘lgan ko‘prik ta’mirlandi. Tuman hokimi rahbarligidagi 1-sektorda esa Gilqishloq mahallasida yashovchi fuqarolar murojaatiga ko‘ra, hududdagi quduq ta’mirlanib, aholining ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji qondirildi. Kalvak mahallasidagi bo‘sh turgan binoda tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, yangi ish o‘rinlari yaratildi. Buramatut mahalla qabristoni devori yangilangani, Xo‘jand mahallasidagi 20-umumta’lim maktabi hududi asfalt qilib berilgani mahalla qiyofasining yanada ko‘rkam bo‘lishiga xizmat qildi.

Tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i rahbarligidagi 4-sektorda 70 ga yaqin kichik biznes subyektiga doimiy ravishda amaliy yordam ko‘rsatilish bilan birga, 20 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti tashkil qilindi, bir necha o‘nlab yangi ish o‘rni yaratildi.

Sektorlarda kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, nizoli oilalarni yarashtirish kabi masalalarda ham tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Qatag‘on mahallasida istiqomat qiluvchi nogironlar G.Asraqulova hamda F.Shermatovaga homiy tashkilot biriktirilib, tikuv dastgohi bilan ta’minlandi, ular uyda buyurtma asosida terimchilar uchun etak tikib, qo‘shimcha daromad olmoqda.

– Yoshim 80 da, – deydi Yettikon mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Q.Abdurahimov. – Keksalik qursin, tez-tez shifoxonada davolanishimga to‘g‘ri kelmoqda. Lekin buni sharoitim ko‘tarmaydi. Yaqinda tuman rahbariyatidan kelishib, Farg‘ona viloyatidagi “Oltiariq” sanatoriysiga davolanish uchun yo‘llanma berishdi, moddiy yordam ko‘rsatishdi. Baraka topishsin. Bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik tufayli, Prezidentimizning odamlar manfaatini o‘ylab yuritayotgan oqilona siyosati samarasidir. Ilohim, yurtimiz hamisha tinch bo‘lsin, yoshlarimiz kamoli bundan-da ulug‘ bo‘laversin.

Akramjon Sattorov, O‘zA
867






Все о погоде - Pogoda.uz