Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.02.2018 20:50 Chop etish versiyasi

Muammolar tizimli hal etilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilaridan iborat Respublika ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyati tuman va shaharlarida o‘tkazilayotgan ommaviy qabullarda fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bo‘ka, O‘rta Chirchiq va Zangiota tumanlarida o‘tkazilgan navbatdagi ommaviy qabullarda ham davlat va jamoat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar vakillari aholi bilan bevosita muloqot qilib, odamlarni qiynayotgan muammolarni o‘rgandi. Ko‘plab murojaatlardagi masalalar joylardagi tegishli idora, muassasa va tashkilotlar vakolatidagi ishlar bo‘lib, aniqlangan kamchilik va qilingan murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi.

Bo‘ka tumani Toshloq mahallasida yashovchi mehnat faxriysi Gulbahor Qo‘shmatovaning murojaati ommaviy qabulda ijobiy yechim topdi. Mahalla aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlash va nosoz ahvolga kelib qolgan transformatorni yangisiga almashtirish masalasi tegishli tashkilotlar tomonidan nazoratga olindi.

– Tumanimizda qurilayotgan namunaviy uylardan olishni anchadan beri niyat qilamiz, – deydi G.Qo‘shmatova. – Uyning boshlang‘ich to‘loviga mablag‘imiz bor, faqat to‘lov uchun bir haftalik muddatni 10 kunga uzaytirishni bank xodimlaridan so‘ragan edim. Ular bu masalani ijobiy hal etdi, zarur tavsiya va maslahatlar ham berishdi. Keyin mahallamiz yo‘llarini ta’mirlash bo‘yicha Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi vakillariga murojaat qildim. Ancha yillardan buyon ko‘chalarimiz ta’mirtalab ahvolga kelib qolgan. Yozda – chang, qishda –loy. Hech bo‘lmasa bolalarimiz maktabga qatnovchi yo‘l ta’mirlansa, yaxshi bo‘lardi. Ushbu masala bo‘yicha mutaxassislar joyiga chiqib o‘rganadigan bo‘ldi. Ommaviy qabuldan juda yaxshi kayfiyatda qaytmoqdaman. Nasib qilsa, bu yili mahallamiz ko‘chalari yanada obod bo‘ladi.

O‘rta Chirchiq tumani Nurafshon shahri Qumariq mahallasida yashovchi Dilfuza Rahmonova farzandi nogironligi sabab hech qayerda ishlamaydi. Ommaviy qabulda uning oilaviy sharoiti o‘rganilib, moddiy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

– Tuman hokimligi tomonidan D.Rahmonovaga tikuv mashinasi, o‘g‘liga nogironlik aravachasi beriladigan bo‘ldi, – deydi Nurafshon shahar hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Muhabbat Yo‘ldosheva. – Shuningdek, ushbu oila imtiyozli kredit asosida birinchi to‘lovi davlat tomonidan to‘lab beriladigan namunaviy uy-joylar uchun ro‘yxatga qo‘yildi. Bu kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha joriy yilda hududda keng ko‘lamli ishlar olib borishni rejalashtirganmiz.

Murojaatlarning aksariyati tegishli tashkilotlar tomonidan o‘z vaqtida hal etilmagani tufayli uning ijrosini aholi oylab, yillab kutishga majbur bo‘lgan. Ommaviy qabulda bu kabi masalalar hal etilishi odamlarning adolat qaror topishiga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar samarasiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.

Abdulaziz Musayev, O‘zA
3 194