Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

17.02.2017 18:38 Chop etish versiyasi

Poytaxtimizdagi texnoparklarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot

Poytaxtimizda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tomonidan “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishning dolzarb vazifalari” mavzuida tadbir o‘tkazildi.

Unda asosiy e’tibor Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan vazifalar asosida kichik sanoat zonalari ishtirokchilarining zaruriy muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish holatini o‘rganish, yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda tijorat banklarining ishtirokini kengaytirish hamda ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarini o‘rganib, partiya fraksiyasi, deputatlik guruhlari orqali hal etish masalalariga qaratildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmoni bu borada dasturilamal bo‘layotir.

Partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi deputatlik guruhi a’zolari, adliya, prokuratura, soliq, Markaziy bank, gaz va elektr tarmoqlari vakillari Sergeli, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlaridagi kichik sanoat zonalarida faoliyat yuritayotgan import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarayotgan tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan muloqotda bo‘ldi.

100 dan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritayotgan “Yunusobod texnoparki”da raqobatbardosh mahsulot turlarini ko‘paytirish, investitsiyalarni jalb etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish borasida ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.

– 200 turdan ziyod dori-darmon ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi loyihamiz joriy yil oxirida ishga tushadi, – deydi yosh tadbirkor Bahodir Ahadov. – Umumiy qiymati 14 million dollarni tashkil etuvchi mazkur loyiha doirasida uch yuzdan ortiq ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, mahsulotlarimizni eksport qilish bo‘yicha shartnomalar imzolash arafasidamiz.

Tadbir tashkilotchilari kichik sanoat zonalaridagi mavjud ishlab chiqarish obyektlarini ko‘zdan kechirib, tadbirkorlarning ish faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolar bilan qiziqdi.

Ochiq muloqotda yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar va ayollarni tadbirkorlikka keng jalb etish orqali aholi daromadlarini oshirish, mahalla, tijorat banklari va tadbirkorlikka xizmat qiluvchi barcha tuzilmalar bilan amaliy hamkorlikni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Sayyora Shoyeva, O‘zA
2 746






Все о погоде - Pogoda.uz