Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.11.2017 14:58 Chop etish versiyasi

Muammolar joyida hal etilmoqda

Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida joylarda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni kompleks o‘rganish va hal etish tizimi yaratilgani o‘z samarasini bermoqda.

Namangan viloyatida ham shahar va tumanlarda hokim, prokuror, ichki ishlar, davlat soliq idoralari rahbarlari mas’ulligida tashkil etilgan sektorlar tomonidan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va turmush darajasini yanada yuksaltirish, huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Namangan shahrida har bir sektor va mahalla bo‘yicha ishlab chiqilgan “yo‘l harita”siga muvofiq tasdiqlangan jadvalga muvofiq izchil ish olib borilmoqda. Bugungi kunda shaharda 165 ta’lim, 20 tibbiyot muassasasi faoliyat ko‘rsatayotgani, 102 mahalladagi 98 mingdan ziyod xonadonda 592 mingga yaqin aholi istiqomat qilayotgani sektorlar oldida turgan vazifalar ko‘lami va mas’uliyati katta ekanini ko‘rsatadi.

Shahar bo‘yicha har bir sektorning davlat boshqaruvi idoralari vakillari, mahalla faollari, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas’ul xodimlaridan iborat guruhi xonadonma-xonadon yurib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazmoqda. Ishchi guruhlar tomonidan hozirgacha 88 mingdan ortiq xonadon o‘rganib chiqildi. Mavjud kamchilik va muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rildi.

Xonadonlarni o‘rganish va aholi bilan suhbatlar jarayonida aksariyat muammolar fuqarolarning o‘z huquq va burchini yaxshi bilmasligi yoki unga amal qilmasligi oqibatida yuzaga kelayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, bu pasport tizimi, uy-joy kadastri hujjatlari bilan bog‘lik muammolarda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ushbu yo‘nalishda 400 ga yaqin muammo aniklanib, joyida bartaraf etildi va ayrimlari bo‘yicha ijro muddati belgilanib, nazoratga olindi. Viloyat darajasida hal etiladigan masalalar bo‘yicha murojaat egalariga qonunchilik talablari tushuntirildi. Shuningdek, o‘rganilgan 37 ming 650 xonadonning 4 mingtasida uy-joy kadastri bilan bog‘liq muammolar aniqlanib, ularning yarmidan ko‘prog‘i o‘z joyida bartaraf etildi.

Turmush farovonligi, ijtimoiy muhofazaning muhim omili hisoblangan bandlikni ta’minlash masalasida ham sektorlar tomonidan olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Aholi bilan muloqot chog‘ida bu muammo yuzasidan murojaat qilgan 3 mingdan ortiq fuqarodan 800 nafari ish bilan ta’minlandi. Shuningdek, 1 ming 500 fuqaroning murojaati alohida nazoratga olinib, navbatdagi mehnat yarmarkalariga taklif etildi. Norasmiy mehnat faoliyati bilan band bo‘lgan murojaatchilarga esa mehnat qonunchiligi talablari asosida tushunchalar berildi.

Ishchi guruhlar tomonidan xonadonlarda oilaning moddiy ta’minotini yaxshilashga doir tadbirlar targ‘iboti oila boshliqlari va yoshlar dunyoqarashida ijobiy o‘zgarishlar yasamoqda. Ko‘rsatilayotgan ma’naviy va amaliy yordam bilan ular tadbirkorlik, tomorqadan samarali foydalanish, parranda boqish va boshqa yordamchi xo‘jaliklar tashkil qilish borasida tashabbusni o‘z qo‘llariga olmoqda.

– Tushuntirish ishlari va amaliy yordam samarasida hududdagi xonadonlarda parranda boqish kengaydi, – deydi 4-sektor rahbari, Namangan shahar davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i U.Hakimov. – O‘nlab xonadonlar tomorqasiga limon, yong‘oq, jiyda va boshqa turdagi 11 ming tupdan ziyod mevali daraxt ekildi. Xonadonma-xonadon yurib o‘rganishlar mobaynida aholi murojaatlariga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan oilaviy tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratilishi masalasi ham hal etib borilayapti. Jumladan, 1 ming 257 fuqaroga qoramol, quyon, asalari, parranda boqish va issiqxona tashkil etish uchun 9 milliard so‘mdan ziyod kredit mablag‘i ajratildi.

Ishchi guruhlar faoliyati davomida mahallalarda kommunal va davlat xizmati ko‘rsatish sifati bo‘yicha aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan 1 ming 700 dan ziyod muammoni bartaraf etish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilgani fuqarolarning davlatga, adolatga ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Jumladan, Bunyodkor mahallasidagi 440 xonadon ichimlik suvi bilan ta’minlangani, 2 kilometrdan ziyod elektr tarmog‘i tortilgani yoshlarning quvonchi, nuroniylarning duolariga sabab bo‘layotir. Aholining talab va taklifi asosida bir qator mahallalarda elektr tarmog‘i tortish, podstansiyalar o‘rnatish, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz ballonlari bilan ta’minlash, imtiyozli un-yog‘ mahsulotlari savdosini yo‘lga qo‘yish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bo‘sh turgan binolarda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoat transporti xizmatini yaxshilash, ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash, ko‘prik qurish kabi ko‘plab ishlar amalga oshirildi. Shunday muammolardan qiynalayotgan yana 8 mahallaga ichimlik suvi, 65 mahallaga elektr tarmog‘i tortish masalalari shahar dasturiga kiritildi.

Sektorlarda kam ta’minlangan oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatish, nizoli oilalarni yarashtirish kabi masalalar bo‘yicha ham tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Darhaqiqat, Prezidentimiz qaroriga asosan shahar va tumanlarda hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha hokim, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq organlari rahbarlari mas’ul etib belgilangan sektorlarga bo‘lingan holda ish olib borish yo‘lga qo‘yilgani davlat boshqaruvi idoralarini xalqqa yaqinlashtirish, aholi bilan bevosita uchrashuvlar asosida dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rish va hududlarni rivojlantirish dasturlariga takliflar kiritish imkonini bermoqda.

Akramjon Sattorov, O‘zA
1 950






Все о погоде - Pogoda.uz