Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2018 17:28 Chop etish versiyasi

Muammolar amaliy yechim topmoqda

Muammolar amaliy yechim topmoqda
Xalq bilan muloqot

Mahallalar va oilalarda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni oʻrganish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etishga koʻmaklashish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan Fargʻona viloyati Buvayda tumanidagi 55 mahalla fuqarolar yigʻini oʻrganilib, 35 mingdan ziyod xonadonga uyma-uy kirib chiqildi. Turli yoʻnalishlarda jami 5 ming 393 muammo aniqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va kadrlar zaxirasi masalalari boʻyicha maslahatchisi U.Ismoilov hamda qator vazirlik va idoralar, viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etgan yigʻilishda mazkur tumandagi oʻrganish natijalari atroflicha tahlil qilindi.

Bugungi kunda tumanda oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” asosida belgilangan tartibda ish olib borilmoqda. Xususan, ichimlik suvi boʻyicha 205, elektr energiyasi boʻyicha 155 muammo qisqa vaqt ichida bartaraf etildi. Bu boradagi barcha yumushlarni 20 sentyabrga qadar yakunlash maqsadida viloyat hokimligi koʻmagida izchil saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Respublika ishchi guruhi tashabbusi va bevosita viloyat hokimligi yordamida aholiga 1 ming 258 dona suyultirilgan gaz balloni tarqatildi. 17 ming 799 nafaraholi tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.

Tumanda eng dolzarb muammolardan biri bu – ishsizlik. Ish bilan taʼminlash va mehnat munosabatlariga doir murojaatlar boʻyicha tashkil etilgan mehnat yarmarkalari orqali qariyb 680 fuqaroning bandligi taʼminlandi. Oʻz tadbirkorligini boshlash istagini bildirgan 400 ga yaqin fuqaroga bankdan imtiyozli kredit olish boʻyicha hujjat tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Tumanda tibbiy xizmat, patronaj xizmatining sifati pastligi aholining koʻplab eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Mamlakatimizda tibbiyot sohasida izchil islohotlar amalga oshirilayotgan bir paytda hududda hali-hamon biror ijobiy natijadan darak yoʻqligi achinarli, albatta.

Tadbirkorlar bilan ishlash ham talab darajasida emas. Binobarin, tuman hokimligi tadbirkorlar bilan muloqot qilish tizimini qayta koʻrib chiqishi zarur. Oʻrganish davomida ishchi guruh tashabbusi bilan respublika tijorat banklari rahbarlari ishtirokida buvaydalik 200 dan ortiq tadbirkor bilan muloqotlar oʻtkazildi. Oʻnlab tadbirkorlarning muammolari joyida hal etildi. Tumanda kichik sanoat zonasini tashkil etishga ehtiyoj bor, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi ijrosi yuzasidan aniq reja ishlab chiqish va amalga oshirish lozim. Tumanda oʻtkazilgan xatlov natijasida 340 ta boʻsh turgan bino-inshootlar aniqlandi.

Shuningdek, yigʻilishda aholini suyultirilgan gaz bilan taʼminlash, ichimlik suvi tarmoqlari tortish, ichki yoʻllarni taʼmirlash, taʼlim-tarbiya, xotin-qizlar, mahalla fuqarolar yigʻinlari faoliyati bilan bogʻliq masalalar tahliliy-tanqidiy ruhda sarhisob qilindi. Mahallalarda jamoatchilikning taʼsiri sezilmayotgani tufayli joriy yilning oʻtgan davrida 14 mahallada jinoyatlar oʻsishiga yoʻl qoʻyilgani afsus bilan qayd etildi. Har bir mahallada qatʼiy tartib-intizom boʻlishi kerakligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, yigʻilishda Buvayda tumani markazining meʼmoriy qiyofasini zamonaviy mezonlar boʻyicha oʻzgartirish, kanalizatsiya tarmoqlari barpo etish, kuz-qish mavsumi tayyorgarligi, obodonlashtirish ishlari borasidagi dolzarb masalalar muhokama etildi. Har bir sektor kesimida Respublika ishchi guruhi tomonidanmahallalarda aholi muammolari oʻrganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi.

Maʼsudjon Sulaymonov, OʻzA
1 507