O‘zA O`zbek

28.09.2019 Chop etish versiyasi

Muammo jiddiy, sabablar koʻp

Muammo jiddiy, sabablar koʻp

Soʻnggi uch yilda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarida 608 nafar izlanuvchi tayanch doktorantura va doktoranturada tahsil oldi. Afsuski, ularning 44,5 foizi doktoranturani himoyasiz yakunlagan. Bunga sabab(lar) nima, qanday muammolar bor?

“Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash: milliy amaliyot va xorijiy tajriba” mavzusida boʻlib oʻtgan konferensiyada shu kabi savollar muhokama etildi.

Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda qoʻmita aʼzolari, vazirlik va idoralar vakillari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, prorektorlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiy ilmiy-amaliy markazlari mutaxassislari ishtirok etdi.

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda respublika oliy taʼlim muassasalarida 26 ming nafardan ziyod oʻqituvchi faoliyat olib bormoqda. Shundan 10182 nafari ilmiy darajaga ega. Fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlganlar safida ayollar 31 foizni, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻlganlar orasida esa 36 foizni tashkil etadi.

Tayanch oliy taʼlim muassasalari huzurida 21 ta qayta tayyorlash va malaka oshirish markazlari tashkil etilgan. Ularda har yili 8 ming nafar pedagog kadr 200 dan ortiq yoʻnalishda oʻz malakasini oshirmoqda.

– Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasiga oid tartib-qoidalarining takomillashtirilishi natijasida dissertatsiyani dastlabki muhokamadan oʻtkazuvchi ilmiy seminarlar soni keskin qisqartirildi, – dedi Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayev. – Ilmiy kengashning ekspert komissiyasi tugatildi. Ilmiy daraja va ilmiy unvonlar olish boʻyicha Oliy attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar soni oʻrta hisobda 43 foizga kamaytirildi. Shunga qaramay, yurtimizda moddiy-texnik, ilmiy-intellektual resurslarni toʻliq safarbar etgan holda mavjud ilmiy-texnik salohiyatdan yetarli darajada foydalanilmayapti.

Tahlillarga koʻra, 2007-2016-yillarda bajarilgan 841 ta fundamental tadqiqotlarning 35 tasi yoki 4,2 foizi idoralararo tadqiqotlardir. Bu ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalarining loyihalarda faqat oʻzlari ishtirok etishga harakat qilganligini anglatadi. Ayni holat oliy taʼlim va akademik ilm-fanning integratsiyasiga jiddiy toʻsqinlik qilgan. Oqibatda ahamiyati past ilmiy loyihalar koʻpaygan.

Yana bir muammo shundaki, tadqiqotchilarda innovatsion va startap loyihalarni tayyorlash tajribasi yetishmaydi. Shu sababli innovatsion ishlanmalar va texnologiyalarni iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va sohalariga joriy qilish darajasi pastligicha qolmoqda.

Xoʻsh, bunday ogʻriqli masalalarni qanday hal etish mumkin? Konferensiyada bu boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalar ilgari surildi. Mutaxassislar fikricha, tayanch doktorantura va doktoranturada kvotalarni taqsimlash tizimini takomillashtirish zarur. Bunda mamlakatimiz miqyosida talab darajasi yuqori boʻlgan, ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha ixtisosliklarni hisobga olish kerak.

Bundan tashqari, tayanch doktorant va doktorantlarning ish joyi, oʻqish sharoitlari, faoliyatini tizimli tavsifda tahlil etish, monitoring qilishning optimal mexanizmlarini ishlab chiqish lozim. Tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish, tahlil va samaradorlikni baholash boʻyicha standart meʼyoriy asoslarni yaratish ham alohida ahamiyatga ega.

Qayd etilishicha, hozir yurtimizdagi ilmiy xodimlarning oʻrtacha yoshi 57 yosh. Agar hozirdan yoshlarni ilmiy sohaga koʻproq jalb qilib, ularni qoʻllab-quvvatlash choralari koʻrilmasa, yaqin yillarda ilmiy kadrlar bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelishi ehtimoldan xoli emas.

– Ayni paytda yurtimizda 273 milliard soʻmlik 1514 ta davlat ilmiy-texnik dasturlar bajarilayapti, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi Shuhrat Otajonov. – 2019-yilning birinchi yarim yilligi boʻyicha oʻtkazilgan monitoring yakunlariga koʻra, ular asosida 2555 ta ilmiy maqola nashr etilgan. Shundan bor-yoʻgʻi 161 tasi xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda eʼlon qilingan. Hisob-kitoblarga koʻra, chet elda ilmiy maqola chop ettirish 500 AQSH dollardan 1000 AQSH dollargacha mablagʻni talab etadi. Shularni inobatga olgan holda vazirlik tomonidan ilmiy maqolalarni yuqori reytingga ega ilmiy jurnallarda chop etishga koʻmaklashish maqsadida “Proofreading” xizmati ishga tushirildi.

Shuhrat Otajonovning soʻzlariga koʻra, Proofreading ilmiy maqola matnini yuqori baholangan jurnallarning talablariga muvofiq tahrirlaydi, yozma ingliz tilidagi matnni takomillashtiradi, imlo va grammatik xatolarni bartaraf etib, belgilangan texnik talablarga moslashtiradi. Eng asosiysi, ushbu xizmat mutlaqo bepul. Undan mamlakatimizdagi olimlar, ilmiy izlanuvchilar va mutaxassislar foydalanishi mumkin. Buning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy saytidagi maxsus ilovaga ingliz tilidagi maqolani joylash kifoya.

Oliy malakali ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlashda xorijiy mamlakatlar tajribasi qanday? Ulardagi qay bir ilgʻor yutuqlarni Oʻzbekistonga tatbiq etsa boʻladi? Tadbirda shu xususda ham oʻzaro fikr almashildi. Jumladan, Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti prorektori Sherzod Aktamov bu borada Xitoy tajribasi haqida maʼlumot berdi:

– Xitoyda doktoranturaga kirish imtihonlarida nomzod ilmiy kengashga reja taqdim qilishi kerak. Unda izlanuvchi qanday tadqiqotni amalga oshiradi, qaysi ilmiy metodlardan foydalanadi, qay bir manbalar bilan ishlaydi, yakunda qanday natijaga erishiladi kabi savollarga batafsil javob aks etishi talab etiladi. Eʼtiborli tomoni, doktorantlar OTMda mutaxassislik va ilmiy tadqiqotlar metodologiyasi fanlari boʻyicha oʻqitiladi. Bu boʻyicha imtihondan oʻtsagina ilmiy ish himoyasiga kiritiladi. Fikrimcha, bizda ham ayni shu jihatlarni amalga tatbiq etish kerak.

Anjumanda mavzu boʻyicha bildirilgan takliflar, tavsiyalar salmoqli boʻldi. Mana, ularning ayrimlari: mamlakatimizda xorijiy falsafa doktori (PhD) darajasiga ega olimlar diplomini nostrifikatsiya qilish jarayonini qayta koʻrib chiqish zarur.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tavsiya etiladigan jurnallarning faoliyatini xalqaro talablarga bosqichma-bosqich moslashtirish maqsadga muvofiq. Shuningdek. dissertatsiya ishlarini rasmiylashtirish, tarqatish va topshirish jarayonlarini elektron hujjatlashtirish tizimiga oʻtkazish fursati yetdi. Yangi, dolzarb yoʻnalishlardagi ilmiy tadqiqotlarning soni va sifatini oshirishga ham juda katta ehtiyoj bor.

1 355
Feruza MIRZAKOMILOVA, OʻzA