O‘zA O`zbek

02.08.2018 18:03 Chop etish versiyasi

Moziy shu’lasi. “Kim yetar maqsadga, har kim bo‘lsa ul bedorroq”

Moziy shu’lasi. “Kim yetar maqsadga, har kim bo‘lsa ul bedorroq”
“Bobur” nomidagi xalqaro jamoat fondi raisi Zokirjon Mashraboyev bilan suhbat!

— Zokirjon aka, Bobur nomli xalqaro jamoat fondi qoshida tashkil etilgan ilmiy ekspeditsiya dunyo davlatlari bo‘ylab ko‘plab safarlar uyushtirdi. Aytish joizki, tahsinga loyiq ishlarni ham amalga oshirdi. Ekspeditsiya rahbari sifatida ko‘nglingiz to‘lgan, qilingan ishlar haqida ba’zi ma’lumotlarni aytib o‘tsangiz?

— Bobur nomidagi Xalqaro ilmiy ekspeditsiyamizning ilk sayyohati 1992-yilning 19-mayidan 15-iyunigacha davom etgan. Ekspeditsiyamiz tarkibida 14 kishi bo‘lib, avtomobilda 18 ming kilometrdan ziyod yo‘l bosganmiz. Andijondan boshlangan safarimiz, Samarqand, Buxoro shaharlarida Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Xoja Ahror, Bahouddin Naqshband hamda boshqa ulug‘ aziz avliyolarni ziyorat qilib, Turkmaniston va Eron orqali Saudiya Arabistoni hududiga o‘tib, Jidda, Makka, Madina, Arriyod shaharlariga qadar davom etgan. Ushbu shaharlardagi Qur’on muzeylaridan Bobur xatida bitilgan Qur’onni izlaganmiz. Ayni kunlarga qadar ham buyuk zotning qadamjolari bo‘ylab bir necha bor ilmiy ekspeditsiyalar amalga oshirildi.

Janubi Sharqiy Osiyo, Fors ko‘rfazi va yaqin Sharq mintaqasidagi bir necha mamlakatlardan Bobur Mirzo hayoti va faoliyatiga oid ilmiy dalil va materiallar, badiiy ilmiy asarlar, noyob yodgorliklarni vatanimizga olib kelishga erishdik. 25 yildirki, ekspeditsiya bir qancha ezgu, xayrli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Shu yillar mobaynida buyuk ajdodlarimizdan qolgan bebaho yodgorliklar, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan, boy ilmiy madaniy meroslarni to‘plashda bir qancha sezilarli ishlar qilindi. Ekspeditsiyaning o‘nlab safarlari samarasi sifatida “Bobur va Jahon madaniyati” muzeyini tashkil qilishga erishdik. Bu yerda 500dan ortiq noyob qo‘lyozma asarlar va noyob kitoblar saqlanib kelinmoqda. Biz shu davr mobaynida 30 dan ortiq video va hujjatli filmlar yaratdik. Hammasi xalqimizga markaziy, mahalliy televideniyelar orqali namoyish etilib kelinmoqda.

Boburning hayoti, ijodi bilan chambarchas bog‘liq noyob asarlarni ham O‘zbekistonga olib kelib, ilmiy iste’molga kiritdik. Masalan, Haydaroboddagi Salarjang muzeyida saqlanayotgan qadimiy o‘zbek tilida yozilgan “Boburnoma”ning asl nusxasining ikkinchi ko‘chirmanusxasini olib kelishga musharraf bo‘ldik.

Shuningdek, “Kulliyoti Bobur” tanlangan asarlarini Erondan olib kelishga erishdik. Buyuk bobokalonimiz “Xati Boburiy” nomi bilan mashhur Qur’oni Karimni ko‘chirib, Madinai Munavvaraga yuborgan. Ekspeditsiyamiz 10 yil davomida bu ulug‘ merosni izlab topdi va Eron davlati bilan kelishilgan holda ushbu asarning nusxasini ham “Bobur va jahon madaniyati muzeyiga olib keldik. Olimlarimiz bundan ham baholi-qudrat foydalanishayapti.

— Kelgusida qanday ezgu ishlarni rejalashtirgansizlar?

— Asosiy ishlarimizdan yana birini aytib o‘tishni juda ham istayman. Yurtimiz buyuk allomalarga beshik bo‘lgan tabarruk maskan. Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Al Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Al-Forobiy va Navoiy, Boburga qadar.

Bobokalonlarimiz yaratgan asarlari bilan butun jahonni larzaga solgan va solayapti. Biz shu paytga qadar ularning taqdir taqozosi bilan umrguzaronlik qilgan joylarini izlab topdik. Buyog‘i Afrika qit’asidan to Hindiston yarim oroli Birmaga qadar buyuk ajdodlarimiz izlari bor. Ularning qabrlarini izlab topdik va avlodlik burchimizni bajarib, Qur’on tilovat qildik. Ularning ichida qabrlari o‘ta xarob holatda yotganlari ham aniqlandi. Shu masalalar bo‘yicha biz shartnoma loyihalar tuzdik.

Masalan, Forobiy hazratlari Damashqda, albatta ta’mirtalab. Ali Qushchi Istambulda, Ahmad Farg‘oniy Misrda, Al-Xorazmiy Bog‘dodda.

Bizga qo‘shni mamlakat bo‘lgan Afg‘onistonda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mavlona Lutfiy, Kamoliddin Behzod, Beruniy hazratlari, Boborahim Mashrab kabi ulug‘ ajdodlarimiz yotibdi. Bu bo‘yicha ham loyihalar tayyorladik. Hozirgi kunda hazrat Navoiyning ustozi Mavlono Lutfiyning, Alisher Navoiyning, Kamoliddin Behzodning qabrini tiklab, ziyoratgohga aylantirdik. Bu ishlar albatta bardavom bo‘ladi.

Yana qiladigan asosiy ishlarimizdan biri – yuqorida nomlari zikr etilgan ulug‘ ajdodlarimizning birortasiga ensiklopediya yaratilmagan. Oxirgi o‘n yilda biz Bobur ensiklopediyasini yaratish uchun juda qattiq shug‘ullandik. Ikkita nashrini chiqarishga ulgurdik. Birinchi nashri 2014-yilda chiqdi. Ikkinchi nashrini ham kamchiliklari to‘ldirilgan holda 2016, 2017 yilda chiqardik. Yana bir xayrli ishni amalga oshirdik – Bobur va Jahon madaniyati muzeyida saqlanayotgan asarlarning bibliografiyasini tuzdik. Bunga xaridorlar ko‘payib, qiziqish ortgandan so‘ng respublika miqyosida kutubxonalarda saqlanayotgan Bobur va Boburiylarga oid asarlarning ham bibliografiyasini tuzdik.

Rossiya davlati fanlar akademiyasi, Turkologiya instituti qiziqqandan keyin 5, 6 ta nusxa so‘radi, yubordik. Hozirgi kunda ular bilan hamkorlikda 2016 -2017-yillarda “Zahiriddin Muhammad Bobur — Boburiy bibliografiya” degan 2 kg. 200 grammlik juda katta asar yaratdik. Rossiya fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan ushbu bibliografiya butun dunyoga mashhur bo‘lib, qo‘llanma sifatida foydalanib kelinayapti. Bir nechta Bobur va Boburiylarga oid asarlarni fors, ingliz tilidan o‘zbek tiliga o‘girib, kitobxonlarga ham yetkazishga muyassar bo‘ldik.

Masalan, “Tarixiy Rashidiy”, Boburning xolavachchasi haqidagi kitobni o‘zbek tiliga o‘girdik. Yana “16 asr bunyodkori”, “Gulbadan”, “Bobur — yo‘lbars ”, “Andijon shahzodasi” kabi kitoblarni ham ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, kitobxonlarga yetkazdik. Bobur Xalqaro jamoat fondimizning oldida yana bir muhim vazifa turibdi, ya’ni “Boburnoma”ning yo‘qolgan qismini izlab topish. Bobur 1494-yil taxtga o‘tirgan kundan boshlab “Boburnoma”ni yoza boshlagan. Toki Boburning vafotiga qadar – 1530 yilgacha yozilgan. Demak, 36 yil yozilgan. Shundan bizgacha asarning yarmi – 18 yili yetib kelgan, xolos. Qolgan 18 yilini izlab topishimiz kerak. Ana shu ham bizning asosiy vazifamiz. Buyuk ajdodimiz Bobur hazratlari “Harb ishi”, “Musiqa sirlari”, “Qofiya ilmi” degan asarlar ham yaratgan. Ularni ham izlab topish bizning oldimizda turgan asosiy vazifa sanaladi. Ular yaratgan ilmiy madaniy meroslarni imkon darajasida Vatanga olib kelishga harakat qilayapmiz. 

Ozoda Bekmurodova, O‘zA
2 823