O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Moskvada mamlakatimizda o‘tadigan parlament saylovlariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi

Moskvada mamlakatimizda o‘tadigan parlament saylovlariga bag‘ishlangan brifing tashkil etildi

Mamlakatimizning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga bo‘lajak saylovlar munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Tadbirda “Rossiya 24“ va “Mir 24“ telekanallari, “Kommersant“, “Moskovskiy Komsomoles“, “Mir Novosti“, “Nezavisimaya gazeta“ gazetalari, TASS, Interfaks, RIA Novosti, Sputnik axborot agentliklari va Moskvada akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari qatnashdi.

Jurnalistlar O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimi samaradorligini oshirish, milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, xorijiy investorlar ishonchini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan tanishtirildi. O‘zbekiston tashqi dunyoga ochilayotgan, xalqaro hamjamiyat va xalqaro institutlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor davlat sifatida qayd etildi.

Bo‘lajak saylovlar qonun ustuvorligi va demokratik tamoyillarni mustahkamlash yo‘lidan dadil odimlayotgan O‘zbekiston imijini yanada oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muhokamalarda joriy yilgi saylovlarning avvalgilaridan farqli jihatlari yuzasidan fikr almashildi. Saylovlarni konseptual jihatdan yangi hujjat – 2019 yil 25 iyunda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida o‘tkazilishi siyosiy partiyalar pozitsiyalarini mustahkamlash va saylovchilar ishtirokini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash imkonini berishi qayd etildi.

Fuqarolarning saylov huquqlarini himoya qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va fuqarolik jamiyati institutlarining saylovlarda vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga ijobiy baho berildi.

Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida erishilgan yutuqlar e’tirof etildi. Axborot tizimi, yagona elektron saylovchilar ro‘yxatini ishlab chiqish va joriy etish saylov jarayonini boshqarishni avtomatlashtirishga yordam beradi.

Tadbirda saylov komissiyalari a’zolari, kuzatuvchilar va saylovchilar, siyosiy partiyalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillarining zarur ma’lumotlarni, shu jumladan, me’yoriy hujjatlarni, o‘quv materiallarini tezkorlik bilan olish imkoniyatini beradigan “Saylovlar - 2019“ mobil ilovasini yaratish muhimligi ta’kidlandi.

Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berildi. Jurnalistlarning fikriga ko‘ra, Saylov kodeksiga muvofiq deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida 30 foizini ayollar tashkil etishi O‘zbekistonda davlatning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini kuchaytirish tarafdori ekanidan dalolat beradi.

Brifing ishtirokchilari fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarida saylov uchastkalarining tashkil etilishi ovoz beruvchilar sonining ortishiga va oshkoralikni ta’minlashga qaratilganini ta’kidladilar.

Tadbirda qator ommaviy axborot vositalari vakillari saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida mamlakatimizga kelishga qiziqish bildirdi.

268
O‘zA