O‘zA O`zbek

23.03.2020 Chop etish versiyasi

Momomiz pishirgan sumalak

Momomiz pishirgan sumalak

Navroʻzing – yangi kun, yangi davroning muborak,

jonajon Oʻzbekistonim!

Yana bahor keldi. Yana olamda

Ajib bir goʻzallik, ajib bir bayot.

Men seni qutlayman shu ulugʻ damda,

Ulugʻ yelkadoshim, muzaffar hayot!

Ulugʻ shoirimizning bu misralari har bahorda yodimdan oʻtadi va hozirgina yozilgandek tuyulaveradi. Bahor koʻngillarda umid va yaratish ishtiyoqini uygʻotadigan, xotiralar tiriladigan fasldir.

Bahor kunlarining birida, birinchi yo ikkinchi sinfda oʻqirdik, chogʻi, maktabdan qaytishimizda Jabbor ismli sinfdoshimiz uyiga taklif qildi. Onasi – momomiz yelib-yugurib dasturxon tuzadi. Tandirdan endi uzilgan patir, kosalarda qatiq, ismaloq somsa, piyolalarda quyuq, toʻq jigar rangda taom keltirdi.

Umrimda ilk bor koʻrayotganim piyoladagi taomga qoʻl choʻzdim. Bu nima, deb soʻradim. Hamma bir-biriga qaradi. Jabbor buning oti sumalak, lekin enam hech kimga uning otini aytmagin, degan dedi.

Taomning taʼmi ogʻzimda qoldi. U nihoyatda shirin edi. Bir piyolasini yalab-yulqab paqqos tushirdim.

Qishlogʻimizda koʻklamda odamlar yigʻilib, Yilboshi tadbirlarini oʻtkazganini ham yaxshi eslayman. Baʼzi qishloqlarda bu marosimni “Darveshona“ ham deb atashardi. Odamlardan imkoniyatiga qarab pul yigʻilar, qoʻy soʻyilar, ayollar uyidan har xil bahor taomlaridan tayyorlab kelishar, qishloqning oʻt koʻproq oʻsgan qirlaridan biriga chiqib oʻtirilar, oʻyin-kulgu qilinardi. Navroʻz soʻzini odamlar deyarli tilga olishmasdi...

Oradan koʻp yillar oʻtib ketdi. Navroʻz bayrami nishonlana boshlandi. Doshqozonlarda sumalak pishiriladigan boʻldi. Keyin koʻp bor sumalak yedim. Ammo oʻsha olis bolalikda Jabborning enasi pishirgan sumalakning taʼmiogʻzimda qolgan.

Endi oʻylayman. Nega shunday shirin, quvvatli taomni taqiqlashgan. Nega Navroʻzni – xalqning sof milliy bayramini, haqiqiy Yangi kun, uygʻonish, bahor, yangi yilning boshlanishi ayyomini nishonlash mumkin boʻlmagan. Nega?

Negaki, mustamlakachilar qoʻl ostidagi xalqlarni uzoq yillarqaramlikda ushlab turishni maqsad qilishgan. Ularning mafkurachilarioʻtmishini bilmaydigan, ota-bobolari kimligini unutgan xalqni boʻysindirish oson, deb oʻylashgan. Milliy qadriyatlar, anʼanalar, bayramlar, jumladan, Navroʻz xalqni birlashtirgan. Birlashgan xalq, yakdil jamoa esa katta kuch, uni yengib boʻlmaydi. Mustamlakachilarshundan qoʻrqqan. Bizning oʻtmishimiz, buyuk siymolarimizning nomibosqinchilarni doimo choʻchitib,hushyor torttirib turgan.

Bugun esa Oʻzbekiston mustaqil davlat, Navroʻz ham hamma cheklashlardan qutulgan, xalqimizning sevimli bayramlaridan biriga aylangan. Navroʻz yangi yilning boshlanishi, tabiat, butun mavjudotning uygʻonishi ramzi, yaratish faslining goʻzal bayrami!

Navroʻz shukuhi kezib yurgan shu kunlarda xalqimiz sinovli kunlarni boshidan kechirayotgan boʻlsa-da, ammo odamlarimizning kayfiyati, ruhi tetik. Bu yil yangilanayotgan Oʻzbekiston hayotida koʻp ijobiy oʻzgarishlar boʻlishi, xalqimiz farovonlik va obodlik sari yana bir dadil qadam qoʻyishi aniq.


1 261
Abdujalol Taypatov, OʻzA