O‘zA O`zbek

04.06.2018 16:04 Chop etish versiyasi

Mohir gulchilar “Spark” avtomashinasi bilan taqdirlandilar

06.jpg

Namangan shahridagi Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida tashkil etilgan “Gul bayrami” g‘olib va sovrindorlar ma’lum bo‘ldi.

Mana, bir haftadan buyon davom etayotgan 58-an’anaviy gul bayrami nafaqat Namangan shahri ahli, balki gullar diyoriga kelgan mehmonlarni birdek o‘ziga maftun etib kelmoqda. Kuni kecha viloyat markazidagi “Uch favvora” xiyobonida gul bayrami g‘oliblari va faol ishtirokchilarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘ldi.

Marosim gul bayrami uchun maxsus tayyorlangan gimn taronasi bilan boshlandi. Taniqli shoir, “Do‘stlik” oredeni sohibasi Rislig‘oy Hotamova qalamiga mansub ushbu qo‘shiqni bastakor Olimjon Tillaboyev bastalagan. Gimnni Namangan san’at kolleji o‘quvchilari – Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasi Shahnoza Yoqubjonova va “Iste’dod” xalqaro tanlovi g‘olibi Kamron Mamadaliyev ijro etishdi.

05.jpg

Yarim asrdan buyon har yili o‘tkazilib kelinayotgan nafosat va go‘zallik ayyomi dillarga surur bag‘ishlamoqda. Bayramni tomoshasiga Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga oshiqayotgan yoshu keksa turfa anvoyi​ gullarning muattar atridan estetik zavqqa to‘lmoqda. Xususan, gul bayrami doirasida birinchi martaba tashkil etilgan gullar bilan bezatilgan yuzga yaqin mashinalar ishtirokidagi paradning tarifi-yu taassurotlari hozirgacha tillardan tushgani yo‘q.

Tantanali marosimda Namangan viloyati hokimi, senator Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, sifat jihatidan takomillashib borayotgan asl va navqiron gul bayrami bilan yig‘ilganlarni samimiy tabrikladi. Har bir hududning o‘ziga xos an’analari borligi, shu ma’noda dunyoning sanoqli davlatlardagina o‘tkaziladigan gul bayrami Namanganda ham an’anaviy ravishda nishonlanayotgani, eng avvalo, barchaga faxr va g‘urur bag‘ishlashini ta’kidladi.

01.jpg

E’tirof etish joiz, oldinlari gul bayrami avgust oyida, u ham bo‘lsa atigi ikki kun mobaynida o‘tkazilardi, bayram qamrovidan esa tashkilotchilarning ko‘ngillari to‘lmas edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yilning noyabr oyida Namanganga tashrifi chog‘ida gul bayramining shakl-shamoyilini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirib, ayyomni bahor fasliga ko‘chirish va uning ko‘lamini kengaytirish taklifini ilgari surgandi.

Davlatimiz rahbarining ushbu tavsiyalaridan kelib chiqqan holda, gul bayrami 2017-yildan boshlab bahor kunlarida bir hafta davomida uyushqoqlik bilan tashkil etish yo‘lga qo‘yildi.Joriy yildagi nafosat ayyomi esa o‘zining shaklu shamoyili, betakrorligi, dizayni jihatidan avvalgilaridan tubdan farq qildi. Bundan namanganliklar behad xushnud bo‘ldi. Viloyatda ichki va tashqi turizmni rivojlantirish borasida imkoniyat eshiklari ochildi. Qayd etish joiz, bu yilgi gul bayramiga o‘tgan yetti kun mobaynida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Bangladesh, Quvayt, Bahrayn, Koreya, Xitoy kabi 14 ta davlatdan 300dan ziyod turist tashrif buyurdilar.

04.jpg

Tantanali marosimda O‘zbekiston xalq artistlari Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Mehri Abdullayeva, Yahyobek Mo‘minov, Samandar Hamroqulov, “Nihol” davlat mukofoti sovrindorlari Malika Egamberdiyeva, Gulasal Abdullayeva, estrada xonan​dalari Otabek Muhammadzohid, Munisa Rizayeva, Qilichbek Madaliyev ijrosidagi dilrabo kuy-qo‘shiqlar davraga yanada ko‘tarinki tarovat kiritdi.

02.jpg
03.jpg
Tadbirning hayajonlari damlari yaqinlashib, g‘olib va sovrindorlar, turli nominatsiyalar egalari nomi ma’lum qilindi. Oliy o‘rin sohiblari uchun ajratilgan 2 ta “Spark” avtomobiliga gulchi Mirzohid Xolmirzayev hamda “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati jamoasi sazovor bo‘ldi.

Bobur bog‘ida “Men O‘zbekistonni sevaman” va “Men Namanganni sevaman” nomli maxsus gul kompozitsiyalarini havola etishga munosib hissa qo‘shgan viloyat prokuraturasi, viloyat ichki ishlar hamda bojxona boshqarmalari “Vatan kuychisi” va “Vatan tuyg‘usi” nominatsiyalariga loyiq deb topildi.

Shuningdek, gul bayramida birinchi o‘rinni egallagan gulchi Azizbek Mamajonov va viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, ikkinchi o‘rinni olgan Sadriddin Qodirov va Namangan shahar xalq ta’limi bo‘limi, uchinchi pog‘onani band qilgan Jo‘raxon Mo‘minov va Namangan muhandislik-qurilish instituti jamoalari ham diplom, qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

Darvoqe, Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida Namangan ahli va mehmonlarga zavqu shavq ulashayotgan gul sayillari iyun oyining yakuniga qadar davom ettiriladi.

Oqilxon Dadaboyev,
jurnalist

7 435