O‘zA O`zbek

11.09.2019 Chop etish versiyasi

Mobil xizmat – undan ovul va qishloq odamlari minnatdor

Mobil xizmat – undan ovul va qishloq odamlari minnatdor

Odamzotning feʼli shunaqa, doimo oʻzi uchun qulaylikni axtaradi... Qulay yashash sharoiti, qulay mehnat sharoiti, qulay imkoniyat va qulay xizmatdan foydalanish kabi va hokazo... Ammo, ham aholi uchun, ham xizmat uchun qulay boʻlgan bir yumush borki, undan bugun olis ovul va qishloq odamlari minnatdor.

Biryoʻla 5-6 ta xizmatni oʻzida mujassam etgan mobil avtobus himmatini Navoiy viloyatida bilmaydigan odam boʻlmasa kerak. Oʻziyam avtobus tinim bilmaydi. Bu avtoulovni goh olis Sentobda, goh Langar togʻ etagidagi qishloqda, goh Tomdining Utemurod choʻllarida, goh Konimexning Uchtepasi-yu, Sarjalida uchratasiz. Axir, odamlar nomi tilga olingan hududlarda yengil avtoulovda borishga ikkilanadilar. Ammo, faqat mobil avtobusgina togʻ va choʻl oralab odamlarning davlat xizmatiga boʻlgan ehtiyojini oʻrganadi, uyma-uy yurib aholiga sayyor xizmat koʻrsatadi.

Masalan, bugun avtobus Konimex tumanining Navroʻz, Shoʻrkul va Toʻqqiztepa mahallalarida boʻlib, aholiga 77 ta davlat xizmatini koʻrsatdi. Konimex tumani davlat xizmatlari markazi xodimlari qishloqda maishiy xizmat, savdo-sotiq bilan shugʻullanuvchi “Oʻlmas-Jahon orzusi” oilaviy korxonasini davlat roʻyxatidan oʻtkazdilar.

Qolaversa, sudlanmaganlik, soliqdan qarzdorligi yukqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, MTMlarga navbatga qoʻyish va yoʻllanma olish, koʻchmas mulk obyektida qurilish ishlarini amalga oshirish uchun ruxsat olish kabi murojaatlarga ijobiy yechim topildi. Uch mahalla aholisiga davlat xizmatlaridan foydalanish madaniyati va onlayn xizmat olish koʻnikmalari targʻib qilindi.
“Yana qachon kelasizlar?” degan qishloq odamlarining soʻrovidan bildikki, aholining mobil xizmatga boʻlgan ishonchi kundan kunga ortib borayapti.
“Koʻnglingiz toʻq boʻlsin, siz murojaat qilgan kuni biz shu yerda boʻlamiz”, deya ortga qaytdik.

Farhod Boʻriyev,
Konimex tuman DXM direktori

1 494
O'zA