O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Mobil postlar tashkil qilindi

Mobil postlar tashkil qilindi

Nukusda jamoat tartibini taʼminlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish maqsadida mobil postlar oʻrnatildi.

Bu postlar shaharning Markaziy dehqon bozori, Beruniy koʻchasi, P.Seytov koʻchasi, “Nauqanbogʻ” mahalla fuqarolar yigʻini hududi va Taxiatosh prospektida joylashgan.

– Ushbu tadbir huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar hamda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Sh.Ayubov. – Toshkent shahridan namuna olib tashkil qilingan mazkur postlar jamoat tartibini saqlashda hududni nazorat qilib borish orqali tegishli tashkilotlarga jadal xabar yetkazish, shuningdek, fuqarolarga huquqiy maslahat berishda katta qulaylik tugʻdirmoqda. Postlar kompyuter texnikalari, radio va telefon aloqasi, videonazorat qurilmalari va boshqa zarur uskunalar bilan taʼminlangan.

Shaharda bu kabi postlardan yana uchta tashkil qilinishi kutilmoqda.

Prezidentimiz 2018 yil noyabr oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida Qoraqalpogʻiston tajribasini amaliyotga joriy etish, uni boshqa hududlar boʻyicha ham amalga oshirish tashabbusini bildirgan edi. Shu asosda davlatimiz rahbarining 2018 yil 4 dekabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasida jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida farmoyishi qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyat oʻrganildi. Unga koʻra, hududda umumiy jinoyatchilik 31 foizdan koʻproqqa, jinoyat qidiruv borasida qariyb 22 foizga kamayishiga erishilgan.

Ayni kunlarda Qoraqalpogʻistonning barcha shahar va tumanlarida Yoshlar ittifoqi faollaridan iborat “Fidokor yoshlar” otryadlari ishtirokida tungi reydlar oʻtkazilmoqda. Tizimda olib borilayotgan har bir yangilik aholi osoyishtaligi, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklar kamayishiga xizmat qiladi.

1 011
Yesimxon QANOATOV, OʻzA muxbiri