O‘zA O`zbek

16.02.2020 Chop etish versiyasi

Mobil avtobus bugun Oʻrtachoʻl massivida

Mobil avtobus bugun Oʻrtachoʻl massivida

Erta tongdan Qiziltepa tumanidagi Oʻrta choʻl hududi aholisiga sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatish uchun yoʻlga chiqqan mobil avtobus aholi uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Choʻl hududida yashashning oʻziga yarasha noqulay jihatlari koʻp. Ammo, chorvachilik, dehqonchilik bilan kun kechiradigan aholi uchun keng yaylov va dalalardan qulay hudud yoʻq. Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi Oʻrta choʻl hududi ancha mashhur. Bu yerda odamlar choʻl sharoitida paxta va gʻalla yetishtirib, chorvachilikda qoramol boqib, turmushi farovonligini taʼminlaydilar. Surishtirganimizda “Oʻrtachoʻl”da yashovchi oilalarning orasida kam taʼminlangani yoʻq.

“Yangi hayot” massivida “Chaydaroz”, “Zarbdor”, “Yangiquduq”, “Yangi turmush”, “Yangi hayot” qishloqlarida 296 ta xonadon, 347 ta oila, 1318 aholi soni mavjud. Dala shiyponlarida vaqtincha yashovchi aholi bilan Oʻrtachoʻlda 2000 nafardan ortiq odam istiqomat qiladi. Hudud choʻlda joylashgan boʻlsada, 2 ta qishloqqa tabiiy gaz quvurlari oʻtkazilgan. Qolgan qishloqlarga suyultirilgan gaz balonlari yetkazib beriladi. Qishloqda 180 oʻrinli maktab, qishloq vrachlik punkti mavjud.

Bejizga bu manzilga mobil avtobus yoʻl olmadi, — deydi, Qiziltepa tumani Davlat xizmatlari markazi direktori Shaxob Haydarov. — Xalqning davlat xizmati boʻlgan ehtiyoji oʻrganildi. Tuman markazidan 45-50 kilometrda joylashgan Oʻrtachoʻlda Qiziltepa tumani Davlat xizmatlari markazi mutaxassislari mobil ofisda har bir qishloq hududida tizim faoliyati yuzasidan huquqiy tushunchalar berdilar va davlat xizmati koʻrsatdilar. Joyida aholining boshqa masalalar yuzasidan murojaatlari ham yozib olindi. Mazkur sayyor xizmat kun davomida amalga oshirildi. Fuqarolarga 48 ta davlat xizmati koʻrsatildi. 2 ta oilaviy korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

“Yangi hayot” mahallasi raisi Matluba Norovaning taʼkidlashicha, aholining yechimini kutayotgan muammolari ham yoʻq emas. Bugun mazkur hududda bolalar bogʻchasi yoʻq, hatto uy bogʻchalari ham mavjud emas, oʻtgan asrning 80 yillarida asfaltlangan yoʻl muammosi bor. Aloqa tizimi yoʻq, Oʻrtachoʻlda hech yoʻqsa biror bir kompaniyaning stansiyasi oʻz qurilmasini oʻrnatsa maqsadga muvofiq boʻlardi.

Murojaatlarda aholining asosiy muammosi uy-joy, mulk va turar joylarni kadastri xususida boʻldi.

33 621
OʻzA