O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Mo‘ynoqqa yana hayot qaytdi

Mo‘ynoqqa yana hayot qaytdi

Prezident Shavkat Mirziyoevning kecha Mo‘ynoqqa borib, bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan tanishuvi, shu yerda Qoraqalpog‘iston faollari bilan uchrashuvda bildirgan fikrlari Mo‘ynoq aholisiga katta quvonch bag‘ishladi.

Janaboy JUSIPOV, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘linmasi raisi:

– Prezidentimiz uchrashuvda Orolbo‘yida yashayotgan aholi salomatligini muhofaza qilishga bundan buyon ham katta e’tibor qaratilishini ta’kidladi. Dengiz chekingandan buyon uning tubidan ko‘tarilgan tuzli chang odamlarning salomatligini og‘irlashtirib, kasalliklar ko‘payib borayotgan edi. Buning oldini olish maqsadida o‘tgan kuz-bahor mavsumida Orol dengizining qurigan tubiga qariyb 500 ming gektar maydonga saksovul ekildi. Kelgusi ikki yilda yana 700 ming gektarda yashil qoplamalar barpo etish mo‘ljallanayotgani, bu hududning ekologik holatini yaxshilashda yana katta qadam bo‘lishi ta’kidlandi.

Mo‘ynoqda ichimlik suv muammo edi. Tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 101 kilometr suv tarmog‘i foydalanishga topshirildi. Bundan tumanimiz aholisi juda ham mamnun.

Davlatimiz rahbari Mo‘ynoqda boshlangan o‘zgarishlar kelgusida boshqa tumanlarga ham yoyilishini aytganida, zalga yig‘ilgan barcha qizg‘in olqishladi. Yaqin yillarda Orolbo‘yiga odamlar yangi qad rostlagan zamonaviy shaharlarni ko‘rish, xalqimiz hayotiga havas qilish uchun keladi.

Biybixon UTAMBETOVA, Mo‘ynoq tumanidagi “Talli-o‘zak” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

– Oldinlari yoshlarimiz boradigan joy yo‘q edi. Qisqa vaqtda Mo‘ynoq shahrida zamonaviy amfiteatr, madaniyat uyi, “Orol” stadioni, yopiq basseyn va boshqa ko‘plab inshootlar foydalanishga topshirilgani yoshlarimiz uchun juda katta sovg‘a bo‘ldi.

Ayniqsa, tumanimizda yangi maktab, bolalar bog‘chalari qurilgani uchun ota-onalar Prezidentimizdan minnatdor. Bu odamlarning hayotini yaxshilash, ota-onalarga farzandlarining istiqboli yo‘lida ezgu niyatlarni oshirishi uchun imkon yaratilayotganidan dalolatdir. O‘ylaymizki, yaqin yillarda Mo‘ynoqdan ham chempionlar, ilm-fanda yuqori marralarni qo‘lga kiritadigan yoshlar yetishib chiqadi.

2 326
O‘zA muxbiri Dovud ABIBULLAEV yozib oldi.