O‘zA O`zbek

06.09.2018 18:16 Chop etish versiyasi

Moʻynoqqa nufuzli media tashkilotlar vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda

Moʻynoqqa nufuzli media tashkilotlar vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda
Joriy yil 14-sentyabr kuni Moʻynoq tumanida oʻtkaziladigan “Stixiya” nomli elektron musiqa festivaliga National Geographic, Calvert, Mixmag Russia, Birinchi kanal (Rossiya) hamda Tablet kabi dunyoning nufuzli media tashkilotlari vakillari tashrif buyurishi kutilmoqda.

“Centil Law Film”, “TrendSetter”, “Peopletravel” tashkilotlari tashabbusi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, BMTning Taraqqiyot Dasturi koʻmagi bilan oʻtkazilayotgan mazkur festivalga shuningdek, AQSH, Isroil, Turkiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan koʻplab sayyohlar ishtirok etishga qiziqish bildirgan.

Festival uchun maxsus ishga tushirilgan stihia-festival.org veb-saytida maʼlum qilinishicha , tadbir Moʻynoqda, Orol dengizining quriga tubida, yaʼni “Kemalar muzeyi” joylashgan joyda oʻtkaziladi. Musiqiy ovozlar dengiz tomon yoʻnaltiriladi.

Festivalni oʻtkazishdan maqsad – jahon hamjamiyatining Orol dengizi muammolari toʻgʻrisida xabardorligini hamda suvdan oqilona foydalanishga masʼuliyatni, Orol dengizini qayta tiklashga munosabatini oshirishdir. Shuningdek, festivalda yuqori sifatli elektron musiqani targʻib qilishga eʼtibor qaratilgan.

Festival bir kun davom etadi. 14-sentyabr kuni soat 18:00 da boshlanadigan musiqiy ovozli sayohat tuni boʻyi davom etib, ertalabki 4:00 gacha jaranglaydi. Soʻng ishtirokchilar “Kemalar muzeyi”da piyoda sayr qilib, Moʻynoqda yangidan tashkil qilingan muzeyga hamda Nukus shahridagi I.Saviskiy nomidagi davlat muzeyiga tashrif buyuradi.

Yesimxon Qanoatov, OʻzA
1 655