O‘zA O`zbek

04.12.2019 Chop etish versiyasi

Mo‘ynoqdagi kurant-minora sayyohlarni chorlaydi

Mo‘ynoqdagi kurant-minora sayyohlarni chorlaydi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani markazida balandligi 21 metrlik kurant-minora foydalanishga topshirildi.

Joriy yil may oyida boshlangan qurilish ishlari uchun mahalliy budjetdan 1 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Uning fasadi har qanday iqlimda ham o‘z sifatini saqlab turuvchi etalogranit bilan qoplangan bo‘lib, milliy naqshlar bilan bezatilgan. Minoraning to‘rt tomoniga Italiyaning “CANONICO” kompaniyasida ishlab chiqarilgan soat o‘rnatildi. U kechayu kunduz har soatda bong uradi.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Mo‘ynoq tuman filialining ham yangi binosi foydalanishga topshirildi. Ikki qavatdan iborat binoga Qoraqalpog‘iston Respublikasi yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tuman bo‘limi ham joylashtirildi.

– Ushbu kungacha alohida binomiz yo‘q edi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Mo‘ynoq tuman filiali boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Arslonboy Jumaboev. – Ko‘p yillardan buyon tuman hokimligi binosining qulay sharoitlarsiz, isitish tizimi ishlamaydigan bitta xonasida ishlab keldik. Oxirgi bir yilda esa “O‘zbektelekom” AK Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali Mo‘ynoq tuman bo‘limining birinchi qavatidan 5 ta xona ajratib berilgan edi. Yangi binoda har bir mutaxassis uchun kompyuterlar bilan ta’minlangan alohida xonalar, majlislar zali mavjud. Shuningdek, fuqarolarni qabul qilish uchun “Bir darcha” bo‘limi ham tashkil etildi. Filialimiz zamonaviy “Stonex” yer o‘lchov asbob-uskunalari bilan ta’minlandi.

711
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA