O‘zA O`zbek

20.08.2019 Chop etish versiyasi

Moʻynoqda 5,7 milliard soʻmlik yopiq suzish havzasi va sport zali qurildi

Moʻynoqda 5,7 milliard soʻmlik yopiq suzish havzasi va sport zali qurildi

Moʻynoq tumani markazida 18x36 oʻlchamdagi zamonaviy sport zali hamda 25x11 oʻlchamdagi suzish havzasi foydalanishga topshirildi.

Moʻynoq tumani hokimi oʻrinbosari Ilyas Mirzambetovning taʼkidlashicha, umumiy qiymati 5,7 milliard soʻm boʻlgan yopiq suzish suv havzasi tumanda ilk bor ishga tushmoqda.

Bu kabi obyektlarning faoliyat koʻrsatishidan tuman yoshlari behad mamnun. Moʻynoqda misli koʻrilmagan yangiliklar boʻlmoqda. Yaqinda “Orol futbol stadioni qurilib, u yerda tuman yoshlari sportning futbol, regbi, yengil atletika turlari bilan muntazam ravishda shugʻullanishi uchun imkoniyat yaratilgan edi. 18x36 oʻlchamdagi zamonaviy sport zalida basketbol, voleybol, qoʻl toʻpi sport turlari bilan shugʻullanish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan yosh avlodni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish va ular oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini targʻib qilish boʻyicha belgilab berilgan beshta muhim tashabbus asosida Moʻynoq shahrida “Future Moynak”, “IT-Center” va “Book Café” markazlari qurilmoqda va yaqin orada ishga tushadi.

Bu markazlarni tashkil qilishdan maqsad – yoshlarni yuqori sifatli oʻqitish, shu asosda innovatsion tayyorlash tizimini va kreativ fikrlash darajasini rivojlantirish, hududiy va xalqaro axborot texnologiyalari sohasiga integratsiyalashdir.

Eslatib oʻtamiz, IT-markazlarida oʻquv asosan 4 yoʻnalishda, yaʼni, animatsiya, veb-dizayn, kino-video mahsulotlari, kompyuter oʻyinlarini ishlab chiqarish sohalari boʻyicha bilim beriladi. Shuningdek, oʻquvchilarga darslar jarayonida dasturlash, kompyuter animatsiyasi, 2D grafika, 3D modellashtirish ham oʻrgatiladi.

590
Ye.QANOATOV, OʻzA