Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.07.2018 15:01 Chop etish versiyasi

Mo‘tabarxon Maqsudova: “Oila ilmi – xalqimizning asriy qadriyatlari sarchashmasidir”

Mo‘tabarxon Maqsudova: “Oila ilmi – xalqimizning asriy qadriyatlari sarchashmasidir” Katta sulolaning kichik bo‘g‘ini sifatida shakllanadigan yangi oilani oyoqqa turg‘azishning o‘zi bo‘lmaydi. Shu ma’noda oila tutish, uni boshqarishning o‘zi bir ilm. Bu ilm binosiga bilgan ham, bilmagan ham bir bor bosh suqib ko‘radi, albatta. Ayni shu jarayonda oila ilmining egallanganligi yoki aksiga qarab hayotiy quvonchlar va tashvishlar boshlanadi.

Suhbatdoshimiz “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Mo‘tabarxon Maqsudova shu xususda mulohaza bildiradi.

– Mo‘tabar Abdusalomovna, xabaringiz bor, shu yil 27 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Unda oila instituti va uni mustahkamlash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ochiq-oydin ta’kidlab o‘tildi va galdagi vazifalar belgilab berildi. Eng avvalo, shu haqdagi o‘z fikr-mulohazalaringizni bildirib o‘tsangiz.

– Qarorda ta’kidlanganidek, mamlakatimiz taraqqiyotiga, oila institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga tizimli muammo va kamchiliklar to‘sqinlik qilayapti. Ularni bartaraf etish uchun oila institutini mustahkamlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish, ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, zamonaviy oilani mustahkamlash va rivojlantirish masalalari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, oilalarda ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash, oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish kabilar asosiy yo‘nalishlar etib belgilandi.

– “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markaziga hozirda ehtiyoj bormi, demak, biz yashab turgan jamiyatda oila muammolari ancha-muncha yig‘ilib qolgan. Sizning-cha, Namangan viloyati misolida qaysi muammolar alohida ko‘zga tashlanadi?

– Viloyatimizda birinchi bo‘lib, 2018 yil 3 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Markazimizda jami 26 nafar xodim faoliyat olib bormoqda.

Hozirgi kundagi oilalardagi asosiy muammolardan biri, bu – oiladagi shaxslararo munosabat va muloqot muammosidir. Viloyatimizda bugungi kunda yoshlarning erta turmush qurishi, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh ham uchrab turibdi. Oqibat esa ma’lum: salomatliklarini yo‘qotmoqda, qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan nikohdan nogiron bolalar tug‘ilmoqda.

Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ayrim yoshlar oila qurishga tayyor emas, ularda his-tuyg‘ular, oilaga, turmushga jiddiy mac’uliyat hissi yetishmaydi. Oila psixologiyasi ilmining muhim vazifasi yoshlarni oilaviy turmushga tayyorlashda nafaqat qizlarni, balki yigitlarni ham uy tutish, ro‘zg‘or tebratish, poklik, hayo, andisha, qaynona-qaynotalarni hurmat qilish, oila, nikoh, farzand burchi, yigitlik g‘ururi, qizlik sha’ni haqida tushuncha va tasavvur berib borishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5325-sonli Farmoni bu borada dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Yoshlarimiz oila qurishda Vatanimiz kelajagini yanada yuksaklikka ko‘tarishlari, milliy qadriyatlarimizni saqlab qolishlari, oilaviy ajrimlar, nizolarning oldini olishlariga e’tibor berishlari shart.

– Viloyatimiz shahar va tumanlaridagi oilaviy muhit ijtimoiy shakllanishi nuqtai nazardan farqli hisoblanadi. Deylik, Kosonsoy tumani va Namangan shahridagi oilaviy munosabatlarni Chortoq tumanidagi oilaviy muhit xususiyatlari bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Hatto bir tuman qishloqlari orasidagi oilaviy muhitlarda ham farqlar ko‘zga tashlanadi. Shu ma’noda siz rahbarlik qilayotgan boshqarma muammolarga munosabatlarni qanday yondashuvlar asosida shakllantirmoqda?

– Viloyatimizda 2708,6 dan ortiq aholi istiqomat qiladi. Undan 1374,1ni erkaklar, 1334,5 ni ayollar tashkil etadi. Jami oilalar soni 691906 dan ortiq. Viloyat bo‘yicha 770 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Chindan ham har bir tuman va shahar oilalaridagi muhit bir-biridan farq qiladi. Masalan, Namangan shahri aholisi asosan hunarmanchilik, tadbirkorlik bilan ko‘proq shu


g‘ullanadi. Tumanlarda esa aholining ziyoli bo‘lishga intilishlari kuchliroq. Bundan tashqari, shevalarda ham farq mavjud. Kosonsoy va Chust, Pop tumanlarida ko‘p millatli oilalar ko‘proq uchraydi. Demak, ulardagi urf-odatlar shunga moslashganligini ko‘rish mumkin. Namangan shahrida ko‘proq qaynonalar, qayinsingillarning kelinga bo‘lgan talabchanlik xususiyati, erta turmush qurish, qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi nikohlar ko‘proq uchraydi. Keyingi paytlarda ayrim tumanlarda ham erta turmush qurish, qarindosh-urug‘ o‘rtasidagi nikohning qayd etilishi hollari uchrayotgan edi. Oilaviy marosimlar o‘tkazish borasida ham ayrim farqlar bor. Masalan, Namangan shahrida tug‘ilgan kunlarni dabdabali o‘tkazish odati yo‘q. Tumanlarda esa aksincha. To‘y marosimlarini o‘tkazish borasida ham keyingi paytlarda musobaqa tarzida, ya’ni kelin-kuyov, qaynona-qaynota, ovsin, qayinsingil, ularning farzandlari uchun turli sovg‘alar, turli xil pishiriqlarni tez-tez jo‘natish (har payshanba, yakshanba, tug‘ilgan kunlar, bayramlar, hayitlar) juda kuchayib ketgan edi. Bunday salbiy holatlar mahalliy hokimiyat mutasaddi rahbarlari, xotin-qizlar qo‘mitalari xodimlari, MFY kabi bir qator davlat tashkilotlari tomonidan tartibga solinmoqda.

Oilalarni turli mezonlar bo‘yicha tahlil qilish ishlarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhamedova rahbarligidagi markaz xodimlari juda katta amaliy yordam berishmoqda. Prezidentimiz takliflari bo‘yicha To‘raqo‘rg‘on tumani respublikada namunali tuman darajasiga olib chiqilishi katta vazifa qilib qo‘yildi. Bu borada hozirgacha bir talay ishlar amalga oshirildi. Avvalo nochor, notinch, inqirozga yuz tutgan, ajralish yoqasida turgan oilalarni aniqlab, ularning muammolarini o‘rganib, amaliy yordam berilmoqda. MFYlarda mutaxassislar o‘rtasida muntazam fokus-treninglar tashkil etilmoqda. 2018 yil avgust oyining oxirigacha To‘raqo‘rg‘on tumanini, shuningdek, oilaviy muammolar ko‘proq uchrayotgan Uchqo‘rg‘on, Pop, Chust, Kosonsoyni ham namunali tuman darajasiga olib chiqish, oilalarning farovonligini ta’minlash asosiy maqsadimizdir.

– Ma’lumki, oilaviy muammolarning aksariyati iqtisodiy yetishmovchiliklarga borib taqaladi. Xususan, xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish, jinoyatga qo‘l urish kabi ayanchli illatlarning sabablari ham shu omillar bilan ko‘proq izohlanmoqda. Ayollarda irodaviy xususiyatlarni mustahkamlashning psixologik jihatdan zamonaviy imkonlari bormi?

– Shaxsda iroda, ya’ni qiyinchiliklarga chiday olish holati yoshlikdan shakllanadi. Hozirgi yoshlarning irodasi bundan 30-40 yil avvalgi yoshlar irodasidan farq qiladi. Bugun, telefon, turli zamonaviy mashinalar, uy yumushlarini bajarish uchun texnika vositalari ayrim yoshlarni dangasa, boqimanda qilib qo‘ydi. Bu sharoitlar ularga kattalar tomonidan yaratib berilishi, ya’ni o‘zlarining peshona teri bilan ishlab pul topmayotganligi ham irodaning bo‘shashib ketayotganligiga sabab bo‘lmoqda. Ilgari yosh oilalar uy jihozlarini o‘zlarining mehnati, harakati bilan olishgan, shuning uchun ularning qadriga yetganlar. Umumta’lim maktablarida oilaviy hayot etikasi va psixologiyasi, oilaviy hayot etikasi va pedagogikasi kabi oila bilan bog‘liq fanlarning o‘tilishi maqsadga muvofiqdir. Agar biz qizlarga ham, o‘g‘il bolalarga ham yoshligidan oilaviy turmush to‘g‘risida ilk tushunchalarni, jinsiy tarbiyani bersak, turli xil noxush holatlarning oldini olgan bo‘lamiz. Ayollarning jinoyatga qo‘l urishlari ham oiladagi unga berilgan tarbiyaning yetarli bo‘lmaganligi, irodaning kuchsizligida deb o‘ylayman.

– Ko‘rinib turibdiki, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi zimmasiga katta muammolarni hal etish vazifasi yuklangan. Hozirgi kunda shunga yarasha yosh va istiqbolli kadrlar avlodi mavjudmi? Mavjud kadrlar salohiyatini tubdan yaxshilash uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Oilalarning turlari juda ko‘p, jumladan, namunali, to‘liq, noto‘liq, nochor, nomaqbul, kambag‘al, kam ta’minlangan, millatiga ko‘ra, ko‘p farzandlilik darajasiga ko‘ra va hokazo. Oilaning tinchligi ana shu oilada yashovchi kattalarga, ota-ona, qaynona-qaynotalarga bog‘liq. Qaynona yangi kelinni o‘z farzandidek qabul qilsa, uning yoshligini hisobga olib, o‘z tajribasini o‘rgatsa, kamchiliklarini kechirsa, yosh oila mustahka


m bo‘lib boradi. Hozirgi kunda respublika oliy o‘quv yurtlarida pedagogika va psixologiya, psixologiya, ijtimoiy ish kabi yo‘nalishlarda bakalavr va magistrlar tayyorlanmoqda. Oilaning dolzarb muammolarini hal qilish, zamonaviy, namunali oilalar sonini ko‘paytirish, oilalardagi ajralishlarning oldini olish, oilaning ijtimoiy-psixologik muhitini yaxshilash ana shu yosh va istiqbolli kadrlar faoliyatiga bog‘liq.

– “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tashkil etilgandan buyon ma’lum muddat o‘tdi. Shu qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarni qiyoslab qanday xulosalar chiqarish mumkin?

– Bir oydan ortiq o‘tgan muddat mobaynida markaz tomonidan bir talay ishlar amalga oshirildi. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi mutaxassislarining ko‘rsatmalariga asoslangan holda Nizom, yo‘l xaritasi, chora-tadbirlar rejasi tuzildi. Oilalarning tasnifi tahlil qilindi. Unga ko‘ra ajralish arafasida turgan oilalar, nochor oilalar, nomaqbul oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, qisqasi, inqirozga yuz tutgan oilalar aniqlandi. Markazning barcha mutaxassislari tomonidan ana shunday oilalarning har bir turi bilan alohida-alohida faoliyat olib borilmoqda. Xotin-qizlar qo‘mitalari, MFYlar mutaxassislari, sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar boshqarmalari, Yoshlar ittifoqi, ommaviy axborot vositalari kabi hamkor tashkilotlar bilan birga amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi. Avvallari faqatgina xotin-qizlar bilan ish olib borilgan bo‘lsa, endi “Oila” markazida barcha oila a’zolari, jumladan, kattalar, erkaklar, yoshlar, keksalar bilan ish olib boriladi. Oilalar o‘rtasida ijtimoiy-psixologik so‘rovnomalar o‘tkazishimiz, ularni chuqur tahlil qilishimiz orqali barcha muammolarni bartaraf etish mumkin. Unutmaylikki, oila ilmi – xalqimizning asriy qadriyatlari sarchashmasidir!

Sanjarbek Hamidov suhbatlashdi
3 234